19:22 / 05.12.2020
15577
Farg‘ona viloyati hokimi «Neftchi»da yig‘ilish o‘tkazdi. Klub bosh murabbiyi iste'foga chiqarildi

Pro liga doirasida 1 dekabr kuni o‘tkazilgan «Neftchi» - «Turon» (0:1) uchrashuvidagi tartibsizliklar masalasida bugun, 5 dekabr kuni «Neftchi» PFK qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov raislik qildi, deya yozmoqda klub rasmiy sayti.

Qayd etilishicha, tadbirda viloyat hokimining sport va turizm ishlari bo‘yicha maslahatchisi H.Ahmedov, Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari F.Abdulazizov, Farg‘ona NQIZ direktori o‘rinbosari B.Mo‘minov, «Neftchi» PFK bosh direktori Z.G‘ofurov hamda Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev qatnashgan.

«Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yig‘ilish qatnashchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirib o‘tdi. Yig‘ilishda «Neftchi» jamoasi futbolchilarining o‘yinni boshqargan hakamlarga nisbatan qilgan qo‘polliklari tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida futbolga xos bo‘lmagan holat yuz bergani, «Neftchi» jamoasi mas'ul xodimlari klub futbolchilarini o‘yinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, tartibsizlik keltirib chiqargan futbolchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilgani haqida gapirib o‘tdi.

Shuningdek, kelgusida «Andijon» PFK bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rish hamda ijobiy natija ko‘rsatish bo‘yicha «Neftchi» futbol klubi mas'ullariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. «Neftchi» murabbiylari futbolchilarni o‘yinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun bosh murabbiy Abdusamad Do‘rmonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi», - deyiladi xabarda.

Avvalroq, PFL va O‘FA Farg‘onadagi tartibsizliklar borasida bayonot berib, surishtiruv ishlari yakuniga yetgach, aybdorlar javobgarlikka tortilishi va klubga nisbatan jazo chorasi e'lon qilinishi haqida xabar berilgandi.

Top