13:54 / 05.12.2020
23437

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun beshta tuman hokimiga hayfsan e'lon qilindi

Joriy paxta mavsumida majburiy mehnat bo‘yicha eng ko‘p holat Namangan viloyatida aniqlangan.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 4 dekabr kuni Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2020 yilgi paxta mavsumida kuzatilgan majburiy mehnat holatlari bo‘yicha axborot berildi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, paxta mavsumi bilan bog‘liq eng ko‘p majburiy mehnat holati Namangan viloyatida aniqlangan. Respublika bo‘yicha qayd etilgan holatlarning 42,2 foizi ushbu hudud hisobiga to‘g‘ri keladi. Bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay, paxta masalalariga tuman hokimlari aralashuvi ham viloyatda qayd etilgan.

Shuningdek, mavsum davomida majburiy mehnatga jalb qilish boshqa hududlarda ham, xususan, Jizzax viloyatida 7 ta, Toshkent viloyatida 6 ta, Surxondaryo viloyatida 5 ta, Xorazm viloyatida 3 ta, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida bittadan kuzatilgan. Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasini bajarmaganligi, 17 ta holatda ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmasligi aniqlangan.

“Majburiy mehnatga sharoit yaratib berilganligi uchun 5 ta tuman hokimiga chora ko‘rish bo‘yicha kiritilgan takliflarimiz qo‘llab-quvvatlanib, Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan Chortoq (A.Otaxo‘jayev), Uchqo‘rg‘on (A.Vahobov), Ohangaron (A.Abdullayev), O‘rta Chirchiq (O.Nurmatov), Urganch (F.Sharipov) tuman hokimlariga “hayfsan” berildi va ushbu holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha ogohlantirildi”, – dedi yig‘ilishni olib borgan komissiya raisi Tanzila Norboyeva. 

Yig‘ilishda 2020 yil davomida mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 652 mln so‘mdan ziyod miqdorda ma'muriy jarima tayinlangani, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgani aytib o‘tildi.

Komissiya yig‘ilishi xulosasiga asosan, 2021 yildan boshlab nafaqat paxtachilik, balki boshqa sohalarda ham yo‘l qo‘yilayotgan majburiy mehnat holatlari monitoringini yuritish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid
Top