08:45 / 05.12.2020
3452
«Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonun majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha munosabatlarda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan asosiy prinsiplar va qoidalarni belgilaydi.

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qonunning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

  • majburiy sug‘urta turlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish;
  • majburiy sug‘urta sohasini barqaror rivojlantirish;
  • majburiy sug‘urtani amalga oshirishda ilg‘or innovatsion texnologiyalardan foydalanish;
  • sug‘urta sohasining jamiyat uchun foydaliligi va ishonchliligini ta'minlash;
  • majburiy sug‘urtadan jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatdor bo‘lishini ta'minlash;
  • sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazoratini kuchaytirish;
  • majburiy sug‘urta sohasida raqobat, halollik va oshkoralikni ta'minlash va rivojlantirish.

Majburiy sug‘urta turlari:

  • ish beruvchining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi;
  • transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi;
  • tashuvchining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi;
  • xavfli ishlab chiqarish obektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi;
  • obektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilishdan iborat.

Majburiy sug‘urtaning umumiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

  • ommaviylik - sug‘urtani amalga oshirish majburiyati jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning katta qismiga tegishli bo‘lishi yoki majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi oqibatlaridan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning katta qismi manfaatlarining himoya qilinishi;
  • umumiylik - sug‘urtalovchi yoki sug‘urta qildiruvchi toifasiga kiradigan barcha shaxslar qonunda belgilangan talablarni bajarishi kerak;
  • komplekslik - sug‘urtalanishi kerak bo‘lgan barcha obektlar sug‘urta qilinishi shart;
  • majburiylik - sug‘urta qildiruvchi qonunda belgilangan shartlar asosida va tartibda majburiy sug‘urtani amalga oshirishi shart;
  • majburiy sug‘urtani osonlik bilan amalga oshirish imkoniyati - tegishli vazirlik va idoralar hamda sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi majburiy sug‘urtani qiyinchiliklarsiz amalga oshirishiga imkon beradigan sug‘urta infratuzilmani yaratishi lozim;
  • bir xillik - sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi ishtirok etishidan va ushbu sug‘urta respublikaning qaysi hududida amalga oshirilishidan qat'i nazar, majburiy sug‘urtaning shartlari, sug‘urta qilish va sug‘urta hodisasini ko‘rib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi;
  • yetkazilgan zararni qoplab berilishi kafolati - majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta hodisasi natijasida jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar o‘rni ushbu qonunda nazarda tutilgan tartibda qoplab berilishi kafolatlanadi;
  • daromadlilik me'yori - sug‘urtani amalga oshirish majburiyati daromadi yuqori bo‘lmagan shaxslarga ham yuklatilishi mumkinligi hamda sug‘urtalovchilar majburiy sug‘urtani tijorat tamoyillari asosida amalga oshirishini hisobga olib, sug‘urta mukofotlari miqdori iqtisodiy asoslangan tarif va koeffitsiyentlar asosida belgilanishi ta'minlanadi.
Top