09:01 / 05.12.2020
5789
Prezident Samarqand davlat universiteti tashkil topganining 600 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror imzolaydi

Prezidentning “Samarqand davlat universiteti tashkil topganining 600 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda aytilishicha, Mirzo Ulug‘bek tomonidan 1420 yilda tashkil etilgan madrasa o‘zining ko‘lami, salohiyati va oliy maqomi bilan Sharqda katta shuhrat qozongan. Bir qancha davrlar o‘tishiga qaramasdan u o‘zining faoliyatini saqlab qolgan va 1920 yili Samarqandda ochilgan ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurti Ulug‘bek madrasasi talabalarini ham qamrab olgan. Shu bilan Samarqand davlat universitetining yangi maqomda shakllanishiga asos yaratilgan.

Qaror loyihasi bilan Samarqand viloyat hokimligi va Samarqand davlat universitetining 2021 yil sentabr oyida Samarqand davlat universitetining 600 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) quyidagilarni ta'minlaydi:

  • universitetning 600 yillik yubileyiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni tantanali nishonlash tadbirlarini yuksak tashkiliy darajada o‘tkazish;
  • mamlakatning fan va ta'lim yutuqlarini yoritish, bu sohadagi davlat siyosatining mohiyatini keng tushuntirish bo‘yicha tashkiliy-targ‘ibiy tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • “Mirzo Ulug‘bek madrasasining dunyo ta'lim tizimi va ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish;
  • universitetning fundamental, amaliy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda erishgan yutuqlari, ilmiy maktab namoyandalari va nufuzli olimlarning ilmiy-madaniy me'rosi ommaviy axborot vositalarida yoritish hamda yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • respublika ta'lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazish;
  • Samarqand shahrida “Iqtidorli yoshlar O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti poydevori” shiori ostida yosh olimlar va iqtidorli talabalar festivalini o‘tkazish;
  • universitet yubileyi tadbirlarini o‘tkazishga respublikaning keng jamoatchiligini, talaba yoshlarni, taniqli olimlarni, madaniyat va san'at arboblarini, aholi o‘rtasida eng mashhur bo‘lgan ijodiy jamoalarni jalb etish;
  • universitetning o‘quv-moddiy bazasini takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash jarayoniga zamonaviy pedagogik usullar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • universitetning kadrlar tayyorlashga, fan va ta'lim sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan, alohida o‘rnak ko‘rsatgan mutaxassislarini, o‘qituvchilarini davlat mukofotlari bilan mukofotlash va taqdirlash, shuningdek davlat mukofotlari bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish;
  • 2021-2025 yillar davomida, har yili 15 nafar tadqiqotchilarni PhD dasturlari bo‘yicha, eng kamida 20 nafar professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni chet elda stajirovka o‘tashi hamda malaka oshirishi uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasidan maqsadli mablag‘lar ajratishni yo‘lga qo‘yish;
  • universitetning magistratura mutaxassisliklari va tayanch doktoranturasi uchun qabul kvotasini mos ravishda, bakalavriat bitiruvchilari sonining eng kamida 30 foizi miqdorida magistraturaga hamda magistratura bitiruvchilarining 10 foizi miqdorida tayanch doktoranturada tahsil olishini tashkil etilishini ta'minlash;
  • universitetning 600 yilligi yubileyi tadbirlarida ishtirok etuvchi chet ellik qatnashchilarni viza va boshqa yig‘imlarning barcha turlaridan ozod qilish.

Samarqand davlat universitetini O‘zbekistonning “Brend universiteti”ga aylantirish, ichki va tashqi ta'lim bozorida raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida 2021 yildan boshlab quyidagilar universitet vakolatiga beriladi:

  • ta'lim shakllari (kunduzgi, kechki, sirtqi, ikkinchi oliy ta'lim) bo‘yicha, moddiy-texnik baza va kadrlar bilan ta'minlanganlik darajasini inobatga olgan holda, qabul kvotasini mustaqil belgilash, magistratura talabalari sonini bosqichma-bosqich oshirib borish;
  • ta'lim jarayonini tartibga soladigan huquqiy-me'yoriy hujjatlarni, jumladan, talabalar bilimini baholash tartibi, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish, to‘g‘risidagi nizomlarni universitet uchun ishlab chiqish va joriy etish;
  • davlat ta'lim standartlari va kadrlar buyurtmachilari talablaridan kelib chiqqan holda ta'lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklarning malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish;
  • magistraturaga qabul tartibi va o‘qitish tizimini, universitet qoshidagi ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi, akademik litsey va texnikumlarga qabul tartibi hamda muddatlarini mustaqil belgilash;
  • budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan universitetning tashkiliy tuzilmasi va shtatlar jadvaliga o‘zgartirish kiritishga ruxsat berish.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Qo‘chqorov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Samarqand viloyat hokimligi (E. Turdimov) o‘quv binolari va sport inshootlarini qurish maqsadida universitet hududida joylashgan fuqarolar va yuridik shaxslarning turar joy hamda boshqa binolarini belgilangan tartibda buzish, shu munosabat bilan fuqarolar hamda yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash choralarini ko‘radi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (I. Majidov) universitetning tarkibiy tuzilmasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Bunda, universitetning tarkibiy tuzilmasida quyidagi ixtisoslashgan institutlarni tashkil etish choralarini ko‘radi:

  • iqtisodiyot sohalarini muhandislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun “Texnik muhandislik, industrial matematika va axborot texnologiyalari” institutini;
  • qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta'minlash uchun “Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi” instituti;
  • ijtimoiy-gumanitar sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida “Filologiya va xorijiy tadqiqotlar” instituti.
Top