15:39 / 05.12.2020
14210
Urgutdagi nosoz yo‘lda yana bir YTH oqibatida 16 yoshli qiz halok bo‘ldi

Samarqand viloyatidagi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan «Toyloq – Urgut 4R 50» yo‘lining «A'loxotin» mahallasidan o‘tuvchi qismida odam o‘limiga sabab bo‘lgan yana bir yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

YTH 3 dekabr kuni kunduzi sodir bo‘lgan. Unda Urgut tumani «Algar» mahallasida yashovchi 28 yoshli shaxs «Lasetti» rusumli avtomashinasida yo‘lni kesib o‘tayotgan, «A'loxotin» mahallasida yashovchi 16 yoshli qizni urib yuborgan. Yo‘lovchi tuman markaziy shifoxonasida vafot etgan. Xabarda aytilishicha, YTH ro‘y berishiga yo‘lning talabga javob bermasligi va unda piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligi ham sabab bo‘lgan.

Mazkur hodisani ham qo‘shib hisoblaganda, joriy yilda «Toyloq – Urgut 4R 50» yo‘lining «A'loxotin» mahallasidan o‘tuvchi qismida odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l transport hodisalari soni uchtaga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, 1 dekabr kuni Kun.uz'da «Urgutdagi yo‘l nosozligi odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l qachon ta'mirlanadi?» sarlavhali material e'lon qilingan edi. Unda «Toyloq – Urgut 4R 50» yo‘lining Urgut – Jumabozor qismi ayanchli ahvolga tushib qolgani oqibatida mazkur yo‘lda insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgan yo‘l transport hodisalari tez-tez sodir bo‘layotgani tanqid qilingandi.

Maqola e'lon qilinganidan bir kun o‘tib Samarqand viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi axborot xizmati Urgut tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ushbu yo‘lning Urgut – Jumabozor qismida ta'mirlash ishlari boshlanganini ma'lum qildi.

Top