16:30 / 06.12.2020
12891

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tizimda korrupsiyaga qarshi qanday kurashilayotgani haqida gapirdi

Davlat budjetiga bojxona tushumlari bir yil ichida 44 foizga ko‘paygani ma'lum qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasida o‘tkazilgan ochiq eshiklar kunida qo‘mita raisi Murodjon Azimov va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Murodjon Azimov o‘z so‘zida bojxona tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplayens nazorat tizimi joriy etilayotgani, o‘z deklaratsiyalarini avtomatik ro‘yxatga olishga o‘tilgani, bu jarayonda inson omili qisqarib, korrupsion holatlarga barham berish ko‘zda tutilgani haqida gapirib o‘tdi.

«Bojxona xodimida korrupsiya illatlariga moyillik sezilgan kundan boshlab, u bilan profilaktika qilish va uni tizimdan tozalash bizning asosiy vazifamiz etib belgilangan. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish hamda muvofiqlik tizimini takomillashtirish, bojxona rasmiylashtiruv jarayonida inson omilini qisqartirish, bunga qarshi keskin kurash olib borish vazifalarimizga kiradi.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davrida shu tizimda ishlaydigan xodimlar xizmat faoliyati ustidan 200dan ortiq xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. 350 nafarga yaqin xodim har xil qonunbuzilish holatlariga yoki nojo‘ya xatti-harakat sodir etgani uchun intizomiy jazoga tortildi. O‘nlab xodimlarimiz bu sohada ishlashga noloyiq degan xulosaga kelinib, ishdan bo‘shatildi. Shu yilning o‘zida 17 nafar xodimga jinoiy javobgarlik masalasi hal qilindi», – dedi davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat budjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari miqdori yildan yilga ko‘paymoqda. Respublika bojxonachilari tomonidan 2020 yilning o‘tgan 11 oyi davomida 21,5 trln so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlari undirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davrida 14,9 trln so‘mni tashkil qilgan. O‘sish 44 foizni tashkil qilmoqda.

Top