15:16 / 06.12.2020
2955
Payariq tumanida xalq ta'limi tizimida 3,2 mlrd so‘m so‘nggi 5 yil mobaynida talon-toroj qilingan

XTV bayonotida ta'kidlanganidek, bu pullar 2020 yilning 11 oyi mobaynida emas, so‘nggi 5 yil davomida talon-toroj qilib kelingani ma'lum bo‘ldi.

Payariq tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri U.Turg‘unboyev tomonidan bildirilgan, hokimlik rasmiy saytida e'lon qilingan munosabatga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasiga sinchiklab e'tibor berilsa, talon-torojlik miqdori yildan yilga oshib borgani ma'lum bo‘ladi.

Chunonchi, 2016 yilda — 79,4 mln so‘m, 2017 yilda — 213,4 mln so‘m, 2018 yilda — 1,163 mlrd so‘m, 2019 yilda — 1,684 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilib, talon-toroj qilingan. 2020 yilda esa — «bor-yo‘g‘i» 74,3 mln so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgani ma'lum bo‘lgan.

«Natijada o‘tgan vaqt mobaynida tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan A.Rashidov, tuman XTB markazlashgan moliya-buxgalteriyasi bosh hisobchisi N.Jabborov lavozimidan ozod etilgan. O‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘ygan mas'ul hisobchi lavozimidagi 11 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan», — deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, XTV o‘tgan 11 oy davomida ta'lim muassasalarida jami 69,8 mlrd so‘m ish haqidan o‘g‘rilik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlanganini ma'lum qilgan edi. Jumladan, Samarqand viloyatining Payariq tumanida 3,2 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari hisoblangan ish haqiga nisbatan ortiqcha olinib, kassaga kirim qilinmagani va o‘zlashtirib yuborilgani ta'kidlangan edi.

XTV o‘rganishlari natijasida 396ta holat bo‘yicha 149 mlrd so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. 

Top