21:00 / 06.12.2020
4552

Shumaxerning o‘g‘li “Formula-2” chempioni bo‘ldi

Afsonaviy nemis avtopoygachisi Mixael Shumaxerning o‘g‘li Mik Shumaxer “Formula-2” poygasining 2020 yilgi mavsumida g‘olib bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

Prema jamoasi vakili Mik Shumaxer “Formula-2”ning Bahraynda o‘tgan yakuniy bosqichining ikkinchi poygasida finishga o‘n sakkizinchi bo‘lib keldi. Mikning chempionlik unvoni uchun kurashdagi bosh raqibi Kallum Aylott esa o‘ninchi bo‘lgan va Shumaxerga umumiy hisobda yeta olmagan. Shumaxer umumiy hisobda 215 ochko, Aylott esa 201 ochko to‘plagan.

Bahraynda o‘tgan poygada hind poygachisi Jahon Daruvala g‘olib bo‘lgan. 2-o‘rinni uning jamoadoshi Yuki Tsunoda, 3-o‘rinni Deniyel Tiktum egallagan.

21 yoshli Mik uchun ushbu unvon professional faoliyatidagi ikkinchi chempionlik unvoni hisoblanadi. 2018 yilda u “Formula-3”da g‘alaba qozongandi. Kichik Shumaxer 2021 yildan “Formula-1”da Haas jamoasi tarkibida ishtirok etadi. 

Mavzuga oid
Top