23:08 / 06.12.2020
3867

SpaceX Xalqaro koinot stansiyasiga 3 hafta ichida ikkinchi fazoviy kemasini jo‘natdi

AQShning SpaceX kompaniyasi Xalqaro koinot stansiyasiga Cargo Dragon yuk kemasini jo‘natdi. Kema XKSga 2 tonnadan ko‘proq oziq-ovqat, tajribalar o‘tkazish uchun qurilma va materiallar yetkazadi.

Foto: Reuters

Kema fazoga Falcon 9  raketasi yordamida Floridadagi kosmodromdan uchirildi.  

Bu modifikatsiyalangan Cargo Dragon-2 yuk kemasining birinchi parvozi bo‘ldi. Ushbu kema XKSga 20 foiz ko‘proq yuk yetkaza oladi hamda koinot stansiyasi bilan manipulyator-qo‘l yordamisiz avtonom ravishda tutasha oladi. Ushbu parvoz NASA va SpaceX o‘rtasida stansiya ta'minoti bo‘yicha ikkinchi shartnoma doirasida amalga oshirildi.

Kema XKSga 2 tonnadan ko‘proq oziq-ovqat hamda stansiya ekipaji tomonidan 250tagacha ilmiy tajriba o‘tkazish uchun qurilma va materiallar yetkazadi. 

Ayni vaqtda Cargo Dragon XKSdan yuklarni Yerga qaytara oladigan yagona fazoviy kema hisoblanadi.

Kemaning XKSga tutashuvi 7 dekabrga belgilangan. E'tiborlisi, birinchi marta bir vaqtda XKSga AQShning ikkita fazoviy kemasi tutashgan bo‘ladi.  

Kema stansiya tarkibida bir oyga yaqin qoladi. So‘ngra u orbitadan chiqariladi va uning kapsulasi Atlantika okeanida qo‘ndiriladi. Kema XKS ekipaji tomonidan orbitada o‘tkaziladigan tajribalar natijalarini Yerga yetkazadi. 

Ayni vaqtda XKSda “Roskosmos” fazogirlari Sergey Rijikov va Sergey Kud-Sverchkov, NASA astronavtlari Ketlin Rubins, Maykl Xopkins, Viktor Glover va Shennon Uoker hamda Yaponiya aerokoinot tadqiqotlari agentligi astronavti Soichi Noguchi faoliyat olib bormoqda.

16 noyabrda SpaceX bortida 4 astronavt bo‘lgan Crew Dragon-1 yuk kemasini Xalqaro koinot stansiyasiga uchirgandi.

Mavzuga oid
Top