16:04 / 06.12.2020
7611

Tramp Oq uyga qaytish uchun 2024 yilgi saylovlarni kutish niyatida emasligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtatida tarafdorlari bilan uchrashuvda Oq uyga qaytish uchun 2024 yilgi prezident saylovlarini kutib o‘tirish niyatida emasligini aytdi. U uchrashuv translatsiyasini Twitter’da joylashtirgan. 

Foto: TASS/Zuma

Ijtimoiy tarmoq Trampning ushbu postini “Saylovlar soxtalashtirilgani haqidagi ushbu bayonot bahsli” deb belgilagan.

“Biz Oq uyga qaytmoqchimiz, biz uni yana qo‘lga kiritamiz. Biz, shuningdek, vakillar palatasidagi nazoratni o‘zimizga qaytarmoqchimiz. Umid qilamanki, 2024 yilda nomzod bo‘lishimga hojat bo‘lmaydi. Biz Oq uyni yana yutmoqchimiz”, deb yozgan Tramp. 

AQShning amaldagi prezidenti unga keyingi saylovlargacha kutishga va yana bir bor prezidentlikka nomzod bo‘lishga to‘g‘ri kelmasligiga ishonchi komilligini aytgan. “Men 2024 yilni kutmoqchi emasman. Men 3 hafta ortga qaytmoqchiman”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Tramp.    

Avvalroq Tramp Jorjiya ma'muriyatidan prezident saylovlari natijalarini qayta qo‘rib chiqishda yordam berishni so‘ragan. Prezidentning fikricha, agar Jorjiyada pochta orqali yuborilgan byulletenlardagi saylovchilarning imzolari haqiqiyligi tekshirilsa, unda u bu shtatda osongina g‘alaba qozonadi.

2 dekabrda CNN nashri manbalari Tramp joriy saylovlarda mag‘lubiyatini tan olishiga to‘g‘ri kelsa, 2024 yilgi saylovlarga nomzodini qo‘ymoqchiligini ma'lum qilgan. Oq uy matbuot kotibi Keyli Makineni bu ma'lumotni tasdiqlamagan, biroq inkor ham etmagan.

 

Mavzuga oid
Top