16:22 / 06.12.2020
3518
Yevropa ittifoqi va Britaniya uchta muhim masala bo‘yicha kelisha olmayapti 

Yevropa ittifoqi va Britaniya Brexit’dan keyingi munosabatlar haqidagi kelishuvga erishish uchun 3ta muhim masala – huquqiy maydon, boshqaruv tizimi va baliqchilik bo‘yicha kelisha olmayapti. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘zaro telefon suhbati natijalari bo‘yicha ma'lum qilishdi. 

Foto: EPA/UPG

“Biz ko‘plab masalalar bo‘yicha taraqqiyotga erishganimizni qutladik. Shu bilan birga, muhim masalalar: huquqiy maydon, boshqaruv tizimi va baliqchilik bo‘yicha ziddiyatlar saqlanib qolmoqda. Ikki tomon bu masalalar hal bo‘lmaguncha hech qanday kelishuv bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi. Bu ziddiyatlarning jiddiyligini tan olib, biz muzokaralar olib boruvchi jamoalarimiz ularni hal qilish mumkinligini baholash ustida ishlashiga kelishib oldik”, deb aytgan fon der Lyayen.  

Uning ta'kidlashicha, Yevropa ittifoqi va Britaniya o‘rtasidagi muzokaralar 6 dekabrda Bryusselda davom ettiriladi.  

Ikki tomon 2020 yil oxirigacha 2021 yil 1 yanvarda Britaniya Yevropa ittifoqidan batamom chiqqanidan keyingi o‘zaro munosabatlar bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.   

4 dekabrda Yevropa ittifoqi va Britaniya Brexit’dan keyin erkin savdo kelishuvi masalasi bo‘yicha kelisha olmagandi.

Britaniya Yevropa ittifoqini 2020 yil 31 yanvarda rasman tark etgan. 2020 yil oxirigacha mamlakat Yevropa bojxona ittifoqida va umumiy bozorida qoladi.

Oktyabr boshida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Bryussel bilan erkin savdo bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Londonning Yevropa ittifoqi bilan savdo munosabatlariga Jahon savdo tashkiloti shartlari bo‘yicha qaytishga tayyorligini aytgan. 

Top