15:55 / 07.12.2020
11959
7 bosh lochinning yashirincha olib chiqilishi fosh qilindi. Ularning bahosi bir necha million dollarni tashkil etishi mumkin

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Shaharning chegaradosh hududida harakatlanayotgan shaxs xodimlar tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qolgach, shu yerdagi uylardan biriga qochib kiradi va yashirinishga urinadi. 

Mazkur xonadon belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilib, qochishga uringan shaxsning qo‘lidagi sumka ochib ko‘rilganida, uning ichida 7 bosh lochin borligi aniqlandi.  

Noqonuniy ravishda olib o‘tishda atrofdagilarga sezdirmaslik maqsadida qushlarning ko‘zi, oyoqlari bog‘lab qo‘yilgan, qanotlari esa skotchlangan. Shuningdek, ular sumkaga zich holatda joylashtirilgan. 

Hozirda mazkur lochinlar Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanmoqda. Keltirilgan kuni ularning 4 nafari og‘ir ahvolda bo‘lgan. Hayvonot bog‘i veterinarlari tomonidan ko‘rsatilgan muolaja va parvarishlardan so‘ng ularning ahvoli yaxshilangan. 

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, lochinlarga chip o‘rnatildi va endi ular Xalqaro reyestrga kiritildi. 90 kunlik karantin sharoitidagi parvarishdan so‘ng lochinlar yana tabiat qo‘yniga uchirib yuboriladi.

O‘zbekistonning 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga “itolg‘i” nomi bilan kiritilgan ushbu lochinlar asosan G‘arbiy Tyanshan va Hisor-Oloy tog‘ tizmalari hamda Qizilqum cho‘lida uchraydi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda bu kabi itolg‘i lochinlari keskin kamayib, hozirda atigi 70 juft saqlanib qolgani taxmin qilinadi.

Lochinlarni noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar ularning har birining bahosi o‘rtacha 30 mln. so‘mdan ekanligini ta'kidlashgan. Dunyo bo‘ylab qora bozorlarda lochinlarning narxi 15 ming AQSh dollaridan 150 ming AQSh dollarigacha baholanadi. Ular qo‘lga o‘rgatilganida bahosi bir necha million dollargacha yetishi mumkin.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top