19:02 / 07.12.2020
4429

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi: vazirlik va idoralar o‘rtasida ikkinchi bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro sertifikat qo‘lga kiritildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni arafasida vazirlik va idoralar orasida ikkinchi bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ISO 37001:2016 standarti «Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi» sertifikatini qo‘lga kiritdi.

ISO 37001:2016 – bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish uchun xalqaro modelni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi xalqaro standart hisoblanadi.

Qayd etish joizki, ISO 37001:2016 sertifikatini olish orqali tashkilot investorlar, tadbirkorlar, davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor tomonlarga jarayonlarni shaffof, qonuniy va jahonning ilg‘or tajribalariga mos ravishda o‘tkazishni yuqori darajada namoyish etishi mumkin.

Agentlik faoliyatini tizimli ravishda tahlil qilish nafaqat korrupsion xatarlarga moyil bo‘lgan sohalar va yo‘nalishlarni aniqlashga, balki huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rishga imkon yaratdi. Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator ichki me'yoriy hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek amaldagi hujjatlar ushbu xalqaro standartga muvofiqlashtirildi.

Misol uchun, Agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarini raqamlashtirish orqali yuqori va o‘rta darajadagi korrupsion xatarlar bilan bog‘liq inson omili keskin qisqardi, byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Agentlik xodimlari faoliyatidagi manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning asoslari yaratildi. Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida kontragentlarni tekshirish amaliyoti joriy etildi va tuzilgan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni majburiy kiritish belgilandi. Agentlik markaziy apparati, tarkibiy tuzilmalarida ham kadrlar baholash tizimining shaffofligi oshirildi, bu esa adolat, halollik va xolislikni ta'minlash, mahalliychilik va qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili bu faoliyatning ochiqligi va shaffofligidir. Shu bois, tizimda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish va aniqlangan holatlarni bartaraf etishning tashkiliy asoslari mustahkamlandi. Bugungi kunda (71) 259-21-37 ishonch telefoni, murojaatlar bo‘yicha murojaat.davaktiv.uz sayti, @davaktivuz_bot va 1082 yagona call markazi, shuningdek, korrupsiya holatlari bo‘yicha murojaat uchun maxsus @csdavaktiv_bot (71) 259-21-22 telefon raqami ishlab turibdi. Jumladan, agentlikka 2020 yil 1 dekabr kuniga qadar barcha masalalar yuzasidan jami 1804 ta murojaat kelib tushgan.

Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini ommaviy savdolar orqali, inson omilining aralashuvisiz, ochiq va shaffof tashkil etib kelmoqda. Jumladan, 2020 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali 22857 ta mulk realizatsiya qilindi. Ushbu auksion savdolarida 98 958 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Bundan tashqari, Agentlik birinchi bo‘lib, Cert International sertifikatlashtirish organining davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda boshqaruv tizimda talab qilinadigan ISO 55001:2014 standartlariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatiga ham ega bo‘ldi. ISO 55001:2014 standarti aktivlarni boshqarish tartibini belgilaydi. Ushbu xalqaro tan olingan normativ hujjat faoliyatning boshqa jihatlarini hisobga olgan holda aktivlarni boshqarish tartibining samaradorligini ko‘zda tutadi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati

Top