14:20 / 07.12.2020
3088
II Toshkent Xalqaro marafoni yakuni: ikki nafar hamyurtimiz Olimpiya o‘yinlari talabini bajardi

6 dekabr kuni poytaxtimizda II Toshkent Xalqaro marafoni o‘tkazildi. Garchi havo sovuq bo‘lishiga qaramay, “Humo Arena” muz saroyi oldidagi maydon haqiqiy sport muxlislari bilan har qachongidan gavjum bo‘ldi.

Aslida mazkur marafon shu yil 22 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, koronavirus pandemiyasi sababli musobaqa kechiktirildi va 6 dekabrda o‘tkazishga qaror qilindi.

II Toshkent Xalqaro marafonining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov hamda Bosh vazirning o‘rinbosari Aziz Abduhakimovlar ishtirok etdi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Ikkinchi bor tashkil etilgan Toshkent Xalqaro marafonida 400 nafarga yaqin ishtirokchi marafon va yarim marafon yo‘nalishlarida bahslarga kirishdi. Shundan qariyb 300 nafari yarim marafonda o‘z omadini sinab ko‘rishgan bo‘lsa, qolganlar to‘liq marafonda Tokio olimpiadasi yo‘llanmalari uchun startga chiqishdi.

Bu yilgi marafon va yarim marafon trassasi AIMS Xalqaro marafon va yugurish assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan. AIMS – World Athletics Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining a'zosi hisoblanadi.

Quvonarlisi, ushbu musobaqa yakunida bir yo‘la ikki nafar hamyurtimiz Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari talabini bajarishga muvaffaq bo‘ldi.

Aslida mutaxassislar ushbu marafonda qatnashgan yana bir sportchimiz Sitora Hamidovaga ham katta umid bog‘lashgan edi, ammo undan bu safar omad ochiqchasiga yuz o‘girdi. Aks holda Olimpiya o‘yinlari talabini bajargan sportchilarimiz safi yanada kengayishi mumkin edi. Shunday bo‘lsada, qayd etilgan natijadan keng sport jamoatchiligining ko‘ngli to‘ldi, deyish mumkin.

II Toshkent Xalqaro marafoni g‘olib va sovrindorlari:

Yarim marafon (21 km 97,5 m)

Erkaklar:

1. Yevgeniy Fadeyev (Surxondaryo) – 1:06.01
2. Otabek Toshquvvatov (Samarqand) – 1:06.23
3. Hasan Akbaraliyev (Farg‘ona) – 1:07.14

Ayollar:

1. Azizaxon Mirzaakbarova (Andijon) – 1:15.01
2. Sabina Talachyova (Namangan) – 1:20.32
3. Veronika Grishina (Surxondaryo) – 1:21.32

Marafon (42 km 195 m)

Erkaklar:

1. Andrey Petrov (O‘zbekiston) – 2:10.06
2. Ilya Tyapkin (Qirg‘iziston) – 2:16.07
3. Vladislav Mamedov (O‘zbekiston) – 2:17.35

Ayollar:

1. Mariya Korobiskaya (Qirg‘iziston) – 2:26.43
2. Yekaterina Tunguskova (O‘zbekiston) – 2:28.55
3. Marina Xmelevskaya (O‘zbekiston) – 2:30.39

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, ushbu musobaqa orqali Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olgan sportchilar taqdirlandi. Musobaqada 21 km masofaga yarim marafonda yugurgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov «G‘alabaga bo‘lgan irodasi» uchun nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan marafon yo‘nalishida Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari talabi erkaklar uchun 2 soatu 11 daqiqa 30 soniyani, ayollar uchun esa 2 soatu 29 daqiqa 30 soniyani tashkil etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Top