15:46 / 07.12.2020
26929
Kogonda prokuratura prezident farmoni ijrosini to‘xtatib qo‘ydi. 4 mln dollarlik loyiha tanazzul yoqasida

Kogonning yangi hokimi eski hokimning qarorini yangi prokuror protesti asosida bekor qilgan. Sud esa tadbirkor shikoyatini qanoatlantirishni rad etmoqda. Toshdan qog‘oz ishlab chiqarishga doir qariyb 4 mln dollarlik loyiha tanazzul yoqasida turibdi.

O‘zbekistonda qog‘oz xomashyosiga yillik talab 290 ming tonnadan ortiq. Shundan 140 ming tonnadan ortig‘i – ofset va gazeta qog‘ozlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyundagi yig‘ilish bayonida yozilgan.

Davlat statistika qo‘mitasining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston 2019 yilda jami 11,2 mln dollarga 8,3 ming tonna qog‘oz va karton mahsulotlari eksport qilgan bo‘lsa, shu davrda qariyb 213 ming tonna qog‘oz mahsulotlarini import qilish uchun 247,2 mln dollar sarflagan.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston birgina qog‘oz mahsulotlari uchun kattagina miqdorda valuta sarflamoqda. Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida ham bu xususda ma'lumot keltirib o‘tilgan.

Albatta, vaziyatni o‘nglash uchun mamlakat katta salohiyatga ega, buning uchun toshdan qog‘oz ishlab chiqarishni jadal sur'atlarda ko‘paytirish talab etiladi. Zero, 2019 yil iyulda Farg‘onada MDH mamlakatlarida ilk bor toshdan (ohaktosh) qog‘oz ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ishga tushirildi.

Davlat rahbari 2019 yil 6–7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida toshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishib, ushbu investitsiya loyihasini va innovatsion texnologiyali qog‘oz ishlab chiqarishni boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Afsuski, ayrim tumanlarda rahbarlar o‘zgarishi ortidan avvalgi hokimlar chiqargan qarorlarni bekor qilish oqibatida bu topshiriqni bajarish ham sun'iy to‘siqlarga duch kelmoqda.

Xususan, Buxoroning Kogon tumanida ohaktosh (kalsiy karbonat)dan qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish va 4 mln AQSh dollariga teng ishlab chiqarish korxonasini barpo qilib, 100dan ortiq odamni ish bilan ta'minlashni reja qilgan yosh tadbirkor yigit – Behzod Toshev bugungi kunda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Kun.uz uning muammolarini o‘rgandi.

Dastavval loyihaning ustunliklari haqida yosh tadbirkor Behzod Toshev so‘zlab berdi.

«Bu loyihaning afzalliklari shundaki, birinchidan, mahsulot 85-90 foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Suv va daraxtga, ekologiyaga oddiy qog‘oz ishlab chiqarishga qaraganda zarari kam. Eksport salohiyati katta, ishxona ishga tushsa, bir yilda 10 mln dollargacha qog‘oz ishlab chiqarish mumkin. Xomashyo esa, millionlab tonna bor. Yer qa'ridan qazib olib, ishlatish kerak xolos», – deydi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodda Italiya va Germaniyadan 5-avlod uskunalarini keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan, biroq hech kim xayoliga ham keltirmagan to‘sqinliklar tufayli loyihani amalga oshirish xomxayol bo‘lib qolmoqda.

Vaholanki, dunyoda sanoqli davlatlardagina ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

2018 yil innovatsiya yili deb e'lon qilingach, tadbirkor Kogon tuman hokimi o‘rinbosariga uchrashib, loyiha haqida so‘z ochadi. Hokim o‘rinbosari biznes rejani «innovatsiya, nou-xau» sifatida baholagach, dastlab tuman hokimi, so‘ngra o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevga taqdimot ham qilingan.

Loyihani amalga oshirish qanday to‘siqqa duch keldi?

«O‘sha vaqtda yer va kredit muammosi bor edi. O‘ktam Barnoyev loyiham bilan tanishgach, nima muammosi bo‘lsa, hal qilish kerakligini aytdi va shunday topshiriq berdi. Avval 3–4ta joy ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mana shu joy ma'qul keldi barchaga. 2019 yil 4 aprelda prezident Mirziyoyev kelgan bo‘lsa, 6 aprelda tuman hokimining qarori chiqdi. Shundan so‘ng qurilishni boshlash uchun loyiha hujjatlarini to‘plashni boshladim», – deya so‘zlab beradi Behzod Toshev.

Barcha zarur xulosalar, hujjatlar olingach, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hududning atrofi devor bilan o‘rab olinib, ma'muriy binolar uchun poydevorlar quyilgan damlarda tuman prokuraturasidan vakillar kelib, prokuror protesti asosida hokim qarori bekor qilingani haqida aytishgan.

«2020 yil aprelda, ya'ni oradan 11 oy o‘tgach, protest berilyapti. Bu orada biz qancha hujjat, loyihani tayyorlashga mablag‘ sarfladik. Bundan tashqari, loyihamizni prezidentning 4335-sonli qaroriga (3-ilova 12-band – tahr.) ham kiritishgan edi. Bosh vazirning toshdan qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha yig‘ilish bayoniga ham kiritildik.

Nima uchun eski hokim yer beryapti, yangi hokim bekor qilyapti, deb sudga shikoyat qildik», – deydi Toshev.

Uning aytishicha, Kogon tumani ma'muriy sudi shikoyatni bir necha bor qabul qilishni rad etgan, shundan so‘ng Qorovulbozor tuman ma'muriy sudi ishni ko‘rib chiqqan.

«12 avgustda sud bo‘lishini aytib qo‘ng‘iroq qilishdi. Hokimlikdan hech kim qatnashmadi. Ikkinchi marta yana shu ahvol, sud qoldirildi. Sabab sifatida hokimlik yuristining bemorligi aytildi. IVL uskunasiga ulanganini bildirishdi. Biz rozi bo‘ldik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Buxoro viloyat biznes ombudsmaniga murojaat ham qildik. U biz haq ekanimizni aytar ekan, sud jarayonida qatnasha olmasligini aytdi. Shu bilan birga, biznes ombudsman hokimning o‘zgarishi davlat lafzi ham o‘zgarishini anglatmasligini ta'kidladi.

Uchinchi safarda, afsuski, bobomiz vafot etdilar. Ammo, hokimlik yuristi xastaligini inobatga olgan sud mahkamasi bizning musibatimizni inobatga olmadi, bizning ishtirokimizsiz sudni ko‘rib chiqib, hal qiluv qarorini qabul qildi», – deydi tadbirkor.

Shu o‘rinda, prokuratura protesti, unga sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalsak. Protestda, tuman hokimi qarori qonunga zid ekani qayd etilib, bekor qilinishi uchun sabablar keltiriladi:

Yer kodeksining 5-moddasiga ko‘ra, o‘lchamidan qat'i nazar barcha yerlarni olib qo‘yish va sug‘oriladigan yerlarni boshqa maqsadlarda ajratish viloyat hokimining vakolatiga kirishi belgilangani ta'kidlanadi.

Ammo, prokuror negadir, tadbirkorga yer Prezidentning 2018 yil 27 iyundagi PF-5466-sonli farmonining 3-bandi, «a» qismiga ko‘ra taqdim etilgani haqida lom-mim demaydi.

z6MlVphIx8-PFP3RIdK3YwCqUZTLX4L7.jpg (587×830)

Protestda aytiladiki, Yer kodeksining 23-moddasi 2-qismida:

«Sanoat korxonalari, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, aloqa va elektr o‘tkazish liniyalari, magistral truboprovodlar qurish uchun, shuningdek qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar yoki qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz bo‘lgan yerlar yoxud qishloq xo‘jaligining sifati yomon yerlari beriladi (realizatsiya qilinadi)», deya belgilangani ko‘rsatilgan.

Ammo yuqoridagi band bu moddaning 4-qismi bo‘lib, uning 2-qismida shunday deyilgan:

«Yer uchastkalarini ajratib berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi».

Bundan tashqari, protestda «Tutkunda» MFY hududining 100, 102-konturlari alohida qiymatga ega bo‘lgan, sug‘oriladigan unumdor yer toifasiga kirishi aniqlangani» aytiladi. Biroq bu qaysi hujjat yoki tekshiruv asosida amalga oshirilganiga oydinlik kiritilmaydi.

Kogon tuman prokuraturasining 2020 yil 30 apreldagi №24/180m-20-sonli murojaatga javobida aytilishicha, viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi tuman hokimining 06.04.2019 yildagi 733-sonli qarori noqonuniyligi haqida ma'lumot bergan. Biroq ushbu ma'lumotnoma sanasi, tartib raqami keltirilmagan. Tadbirkor ushbu ma'lumotnomani taqdim etishni so‘rab, bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, Kogon tuman prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani vaji bilan uni taqdim etmayapti.

Biroq Buxoro viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 2020 yil 3 mart kuni №72-son bilan viloyat prokuraturasiga berilgan ma'lumotnomada: «...hozirgi kunda qaror bo‘yicha 1,0 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lsa-da, fuqaro Toshev B. tomonidan 1,5 gektar ekin yer maydoni egallanib, bir qismi o‘rab olinib, beton poydevor ishlari bajarilgani aniqlandi», – deyiladi.

i3LKDeJkBQMEsGNaQhEwlk5Oo1CzFn-r.jpg (606×899)

5XxXxyxZ1L6Mk62Ho2DYy87RnKVwu71f.jpg (602×429)

Biz ushbu yer maydonining o‘lchamini Google Earth dasturi orqali aniqlashga urinib ko‘rdik. Dastur o‘rab olingan yer maydoni 10,536.72 kvadrat metr ekanini ko‘rsatdi.

Tadbirkorning aytishicha, o‘rab olingan yer maydonining yo‘l tomondagi beda ekilgan joylar qizil chiziq hududi bo‘lib, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i muhofaza zonasiga ham kiradi.

Yana viloyat kadastrining ma'lumotnomasiga qaytsak. Unda ta'kidlanishicha, «...kelgusida bunday yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun tuman hokimining 2019 yil 6 apreldagi 733-sonli qarori bekor qilinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5742 sonli farmonining 5-bandida «sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofazaga olinib, ushbu yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarga, shu jumladan sanoat va fuqarolik obektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi», – deb ko‘rsatib qo‘yilgan».

Biroq, shu yerda bir narsaga e'tibor qaratishni istardik. Viloyat kadastr boshqarmasi o‘z ma'lumotnomasida 17 iyundagi prezident farmonini qayd etar ekan, tuman hokimining qarori undan avvalroq – 6 aprelda chiqqaniga e'tibor qaratmagan.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasi 1-qismiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Qolaversa, ushbu moddaning 2-qismida «agar O‘zbekiston Respublikasining qonuni sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab bo‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bo‘lgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etishni yoxud kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas», – deya qayd etilgan.

Eng asosiysi, na prokuratura, na viloyat kadastr boshqarmasi va na sud tuman hokimining qarori «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yosh tadbirkorga berilganini qayd qilishmagan, yoxud buni istashmagan.

Vaholanki, 2018 yil 27 iyundagi prezident farmonining 3-bandi, a qismida «tuman (shahar)lar hokimliklari:

«Yosh tadbirkorlar» kovorking-markazlari va «Yoshlar mehnat guzari» komplekslarini, shuningdek, boshqa obektlarni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga, istisno tariqasida, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali yer uchastka (bo‘sh bino)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi», – deya ta'kidlangan.

Shu yerda savol tug‘iladi: nima uchun prokuror ushbu farmon Yer kodeksiga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid deya jar solmaydi? Farmonda istisno holati nazarda tutilgan ekan, u noqonuniy bo‘lib qolmaydi. Shunday ekan, nega ushbu farmon asosida berilgan yer uchastkasi noqonuniy berilgan bo‘lib qolmoqda?

Bundan tashqari, o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev 2019 yil 20 yanvarda imzolagan hujjatda ham ushbu loyiha qayd etilgan edi.

Biz joyiga borib o‘rganganimizda, tadbirkorga berilgan yer uchastkasi ekin ekiladigan yer maydoniga o‘xshamas edi.

Yer uchastkasi hududidan yo‘l kesib o‘tgan. Bundan tashqari, yer uchastkasidan uncha uzoq bo‘lmagan sug‘oriladigan va ekin ekiladigan maydonda yirik qurilish ishlari ham bo‘layotganiga guvoh bo‘ldik.

Endi tuman prokuroriga savol, ushbu yer uchastkasida nima asosda bino barpo qilinmoqda. Ushbu sug‘oriladigan yer maydoni o‘zi iqtibos keltirgan Yer kodeksi moddalariga muvofiq berilganmi? Xaritada ushbu yer maydonining uch tomondan tevarak atrofi ekin maydoni ekani ko‘rinib turibdi.

Qolaversa, kenggina qilib barpo qilinayotgan bozor hududi ham sug‘oriladigan yer maydonlariga chegaradosh ekanini xaritaga ozgina tushungan odam yaqqol sezadi.

To‘g‘risini aytganda, yer olib qo‘yilishi bilan bog‘liq shikoyatlarni o‘rganar ekanmiz, beixtiyor, qarorlarda ataylab nuqsonlarga yo‘l qo‘yilarmikan, degan fikrga ham boradi odam.

Shu yer kerak ekan, hech bo‘lmasa, prokuror sifatida ish o‘rni yarataman, eksportga mahsulot chiqaraman, deb turgan yosh tadbirkorning shijoatini sindirish o‘rniga, unga ko‘mak berib, qaror chiqarishda ayrim joylari noto‘g‘ri bo‘lgan ekan, qonunchilikka muvofiqlashtirib qo‘yaylik, deyish nahotki mumkin emas?

Joylardagi mutasaddilar qachon muammoni keskin rad qilish yo‘li bilan emas, balki ratsional hal etish yo‘liga o‘tishadi?

Nima uchun prokuror protest berar ekan, hokimlikka loyiha uchun maqbul yer berish shartini qo‘ymaydi?

Nima uchun qonun nazoratchisi bo‘lgan prokuror – tadbirkor ham zarar ko‘rib qolishi ehtimolini inobatga olmaydi?

So‘ngso‘z o‘rnidagi savolimizni yana ham aniqroq qo‘ysak: Nega hokim-u prokurorlar almashishi bilan, yangi iqtidorga kelganlar ishini «yog‘li» joylarni tortib olishdan boshlaydi?

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top