17:02 / 07.12.2020
8954
«Oxiri ko‘rinmayapti»: Moskva meriyasi koronavirus «marafoni» to‘xtovsiz davom etayotganligini ma'lum qildi

Oxirgi sutkada Moskvada 7279ta koronavirus yuqtirish holati qayd etilgan. Shaharda ketma-ket uch kundan buyon 7000dan ortiq bemor aniqlanmoqda.

Foto: RIA Novosti

Moskvada koronavirus «marafoni»ning oxiri ko‘rinmayapti, dedi Moskva meri o‘rinbosari Anastasiya Rakova.

«Biz bu kasallik bilan kurashyapmiz, marafonimiz to‘qqiz oydan beri davom etyapti va uning oxiri ko‘rinmayapti. Pandemiya – butun dunyo va mamlakatimiz, shahrimiz ilk marta duch kelgan davr chaqirig‘i bo‘ldi», — dedi Rakova.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hukumati vaksinatsiya dasturi va koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish tizimi natijasida shaharda infeksiyani bir necha oy ichida yengishga umid qilmoqda. 

 Moskvada 4 dekabrdan koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish boshlandi. Shahar meri Sergey Sobyaninning aytishicha, dastlabki besh soat ichida emlanish uchun 5000 kishi ro‘yxatga yozilgan.

 Birinchi bosqichda tibbiyot va ta'lim muassasalari xodimlari emlanadi. 

 Rossiyada «Sputnik V» vaksinasi avgustda ro‘yxatga olingandi. Hozirda vaksinaning uchinchi bosqich sinovlari o‘tkazilmoqda. 

 Ma'lumotlarga ko‘ra, oxirgi sutkada Moskvada 7279ta koronavirus yuqtirish holati qayd etilgan. Shaharda ketma-ket uch kundan buyon 7000dan ortiq bemor aniqlanmoqda. Moskvada koronavirus yuqtirganlar soni 654,8 mingdan oshgan. 

Top