19:25 / 07.12.2020
10363

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya bo‘yicha davlatning yagona strategiyasi yo‘q - YUNISEF

Aholini ijtimoiy muhofaza qilishning 10 yillik strategiyasi ishlab chiqilishi bundan bir yil oldin aytilgan edi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya masalasiga kompleks yondashilmayapti. Bu boradagi vazifalar turli idoralar o‘rtasida bo‘linib ketgani bois, samarali siyosat yuritishning imkoni yo‘q.

YUNISEF pandemiya davrida olib borgan o‘rganishlari natijasida shunday xulosaga kelgan. Bu haqda tashkilotning ijtimoiy siyosat bo‘yicha dasturi rahbari Tinatin Baum ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tinatin Baum Oliy Majlis a'zolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan «Zamonaviy dunyo muammolariga qarshi tura oladigan ijtimoiy himoya tizimi» davra suhbatida so‘z oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasining oshishi, 900 mingdan ziyod kishi kambag‘allik yoqasiga kelib qolishi qayd etilgan.

Tinatin Baum agar mamlakatdagi ijtimoiy ta'minot tizimi bo‘lmaganida, aholining 39 foizdan ortig‘i kambag‘al bo‘lishi mumkinligini yutuq sifatida e'tirof etdi.

«Biroq tizimda bir qator muammolar ham mavjud. Mamlakatda aholining 55 foizigina ijtimoiy ta'minotning u yoki bu shakli bilan qamrab olingan. Bola nafaqasi belgilanishi kerak bo‘lgan aholining 75 foizi nafaqani olmayapti. Bolalar va nogironligi bo‘lganlarning faqatgina 46 foizi kerakli to‘lovlarni oladi.

Ijtimoiy himoya bo‘yicha davlatning yagona strategiyasi mavjud emas. Ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha vazifalar ko‘plab davlat idoralari o‘rtasida bo‘lingan, ammo ularning o‘zaro muloqoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois, masalaga kompleks yondashish, samarali siyosat yuritishning imkoni yo‘q.

Ijtimoiy himoya uchun ajratilayogan mablag‘lar samaradorligi monitoring qilinmaydi», – dedi YUNISEF rasmiysi o‘z nutqida.

Ma'lumot uchun, bir yil oldin O‘zbekistonda 2030 yilgacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish strategiyasi ishlab chiqilishi ma'lum qilingan edi. Bu boradagi prezident topshirig‘i ijro etilganicha yo‘q.

Ayni paytda, mamlakatda eng kambag‘al uy xo‘jaliklarining 52 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimi tomonidan hech qanday yordam bilan qamrab olinmagan.

Shu yil boshida aholining ijtimoiy himoyasiga mas'ul davlat organi tuzish taklifi yana yangragan edi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov aytgandiki, O‘zbekistonda aholining ijtimoiy muhofazasi masalalari bir qancha vazirlik, idoralar orasida tarqalib ketgan.

Inoqov sohadagi muammolarni hal etish uchun keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida maxsus vakolatli davlat organini tashkil etish ishlarini yakuniga yetkazishni taklif etgandi.

Top