11:11 / 07.12.2020
35607

Pensiya tarqatishdagi qing‘irliklar aniqlandi

Pensiya jamg‘armasiga kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, AT “Xalq banki” sayyor kassalari tomonidan pensiya to‘lovlarini kech to‘lash holatlari aniqlandi, deyiladi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotida. 

Misol uchun, Namangan viloyati Uychi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.X. 2020 yil 6 noyabr kuni Pensiya jamg‘armasi “Ishonch telefoni”ga sentyabr oyi pensiyasi berilmaganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat o‘rganilganda bir necha fuqarolar 2020 yil sentyabr oyi to‘lov ro‘yxatiga chiqarilgani va Xalq bankining sayyor kassasi xodimi tomonidan 2020 yil sentyabr oyida to‘langanlik to‘g‘risida ma'lumot kiritilgani, biroq to‘lab berilmagani aniqlandi.

Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilganidan keyin fuqaroning qonuniy pensiyasi joriy yilning 7 noyabr kuni to‘lab berilishi ta'minlandi. Shuningdek, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G.B. Pensiya jamg‘armasi “Ishonch telefoni”ga pensiya grafikdan kechikishi bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat o‘rganilganda Xalq bankining sayyor kassasi xodimi tomonidan dasturda “to‘landi” belgisi qo‘yilib, pensiya puli asossiz ravishda to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Pensiya to‘lovlarini kechiktirishga yo‘l qo‘ygan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Bundan tashqari, joylarda sayyor kassa xodimlari tomonidan amaldagi tartibga zid ravishda ishonchnomasiz to‘lash holatlari aniqlanmoqda. Samarqand viloyati Tayloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.G. 2020 yil 10 noyabr kuni Pensiya jamg‘armasi “Ishonch telefoni”ga oktyabr va noyabr oylari pensiyasi berilmaganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat o‘rganilganda bir necha fuqarolarning 2020 yil oktyabr va noyabr oyi to‘lov ro‘yxatiga chiqarilgani va Xalq bankining sayyor kassasi xodimi tomonidan amaldagi tartibga zid ravishda ishonchnomasiz fuqaro G.T.ga to‘lab berilganligi aniqlandi.

Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilganidan keyin fuqaroning qonuniy pensiyasi to‘lab berilishi ta'minlandi.

Pensionerga pensiya to‘lovi kech to‘lab berilishi va ishonchnomasiz to‘lanishi holatlari bo‘yicha Markaziy banki va AT “Xalq banki” boshqaruviga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha xat yuborildi.

Top