22:47 / 07.12.2020
6763
Yapon qurilmasi 340 million kilometr olisdagi asteroiddan geologik namunalarni Yerga yetkazdi  

Yaponiyaning 2014 yil dekabrda Ryugu asteroidi tomon uchirilgan “Xayabusa-2” (Lochin-2) zondi asteroiddan olingan tuproq va tosh namunalari solingan kapsulani Yerga yetkazdi. Zonddan tashlangan kapsula Avstraliya janubiga tushgan.

Foto: JAXA via AP

Qurilma Yerdan 340 mln km olisda joylashgan asteroiddan regolit namunalarini olish uchun 2019 yilda uning sirtiga 2 marta qo‘ngan.  

Kapsulani olish uchun u tushgan hududga Yaponiyaning qidiruv guruhi jo‘natilgan. Kapsula Yaponiyaning JAXA koinot agentligiga yetkaziladi.

“Xayabusa-2” Ryugu asteroidi tomon 2014 yil 3 dekabrda Yaponiyaning Tanegasima orolidagi kosmodromdan uchirilgan. Loyiha qiymati 260 mln dollarni tashkil qiladi. Zond asteroid yaqinida 2018 yil iyunidan 2019 yil noyabrigacha umumiy hisobda 18 oy harakatlangan.

2019 yil 22 fevralda zond diametri 900 metrga yaqinni tashkil qiluvchi asteroid sirtiga undan tuproq olish uchun birinchi muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. 

Foto: JAXA via AP
Foto: JAXA via AP

Shu yilning 5 aprelida zond asteroiddan ichki tuproq olish uchun uning sirtiga 500 metr balandlikdan portlovchi snaryad otgan. Qurilma portlash vaqtida hosil bo‘lgan geologik jinslarni yig‘ish uchun 11 iyulda asteroidga yana bitta qo‘nishni amalga oshirgan. 

2019 yil 13 noyabrda zond asteroid orbitasidan chiqib, Yer tomon yo‘l olgan. Qurilma kapsulani Yerga tashlagach, sayyoramiz va Mars orasidagi orbitada joylashgan 1998 KY26 asteroidi tomon yo‘nalgan. Rejaga ko‘ra, zond ushbu asteroiddan namuna olish uchun 2031 yilda uning sirtiga qo‘nadi.

Ryugu (yaponchadan “ajdarho saroyi” degani) asteroidi S sinfdagi asteroidlarga mansub bo‘lib, ularda katta miqdorda uglerod bor. Bundan tashqari, bunday samo jismlari sirtida suv zarralarini aniqlash mumkin. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu koinotda hayot tarqalishini bilishda yordam berishi mumkin. 

Top