20:51 / 08.12.2020
3586
BMT eksperti Britaniya hukumatini Assanjni zudlik bilan ozodlikka chiqarishga chaqirdi

BMT ekspertining so‘zlariga ko‘ra, WikiLeaks asoschisini yuqori darajadagi xavfsizlik ta'minlangan qamoqxonada tutib turishga zarurat yo‘q. 

Foto: TASS

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Belmarsh qamoqxonasidan zudlik bilan ozodlikka chiqarilishi yoki uy qamog‘iga o‘tkazilishi shart. BMTning qiynoqlar masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Nils Melser Britaniya hukumatiga ana shunday chaqiriq bilan chiqdi.

 Ekspertning bayonotida aytilishicha, "dastlab Britaniya hukumati Assanjni Shvetsiya hukumatining jinsiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ta'kidi asosida berilgan order asosida ushlagan". Ammo o‘shandan beri bu ta'kid "dalillar yo‘qligi uchun rasman olib tashlangan".

 "Bugun uni AQShga ekstraditsiya qilish masalasi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida qatnashishini ta'minlash maqsadidagina ushlab turishibdi. Bu jarayon bir necha yilga cho‘zilishi mumkin", - dedi Melser.

 "Janob Assanj ozodlikdan mahrum qilingan jinoyatchi emas va u hech kimga xavf tug‘dirmaydi", - deya ta'kidladi u.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, WikiLeaks asoschisini yuqori darajadagi xavfsizlik ta'minlangan qamoqxonada tutib turishga zarurat yo‘q. 

 Pandemiyani va Assanj tutib turilgan qamoqxona sektorida 65 nafar mahbus koronavirusga chalingani haqidagi xabarlarni hisobga olib, alternativ chora qo‘llash lozim, deb hisoblamoqda BMT eksperti.

48 yoshli Assanj 2019 yilda Londonda hibsga olingan. Ayni vaqtda Britaniya sudi uning AQShga topshirilishi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqmoqda.

Top