16:46 / 08.12.2020
15390
Lukashenko Armaniston prezidentiga Tog‘li Qorabog‘ni 5 milliard dollarga sotishni maslahat bergani ma'lum bo‘ldi

Aleksandr Lukashenko Ozarboyjonga yettita rayonni berishni istamayotgan Serj Sargsyanning pozitsiyasini «zaif» deb hisoblagan.

Aleksandr Lukashenko va Serj Sargsyan / Foto: BelTA

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2016 yilda Armaniston rahbari Serj Sargsyanga tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasini Ozarboyjonga 5 milliard dollarga sotishni maslahat bergan. Sargsyan ofisi ularning internetda tarqalgan audioyozuvi haqiqiyligini tasdiqladi, deb yozmoqda «Sputnik Armaniston».

Audioyozuvda Lukashenko Ozarboyjonga yettita rayonni berishni istamayotgan Sargsyanning pozitsiyasini «zaif» deb hisoblaydi. Sargsyanning raqib urush boshlashi mumkinligidan xavotirlanishiga javoban Belarus yetakchisi Qorabog‘ga KXShT tinchlikparvar kuchlarini kiritishni taklif qilgan.

Sargsyan nima uchun bu hududni «shunchaki» berib yuborishi kerakligini so‘raydi. «Qanaqasiga shunchaki? U pul to‘laydi. U senga birinchi bosqichda 5 milliard dollar taklif qildi», — deydi Lukashenko Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni nazarda tutib.

Bunga javoban Sargsyan Boku o‘z da'vosidan voz kechishi uchun 6 milliard dollar berishini aytadi. Sargsyan shuningdek, yettita rayonni bera olmasligini, ular uchun 5 ming kishi halok bo‘lganini aytadi. «Nima bo‘pti? Bizda vatan urushida 30 million kishi halok bo‘lgan. Nima, biz bugun nemislar bilan urush qilyapmizmi?» — deydi Lukashenko.

Tog‘li Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrda to‘qnashuvlar boshlandi. Boku va Yerevan harbiy nizoda bir-birini aybladi. Urush davomida Ozarboyjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini egallab oldi. Uch tomonlama bayonotga ko‘ra, bu hududlar Boku nazorati ostiga o‘tdi.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top