17:57 / 08.12.2020
5154
Lukashenko Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qarori bo‘yicha sudga murojaat qilishini aytdi

Avvalroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlariga tashkilotning barcha tadbirlarida qatnashish taqiqlanganini ma'lum qilgandi. 

Foto: RIA Novosti

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Xalqaro olimpiya qo‘mitasining respublika milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, uning o‘ziga nisbatan sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha sudga murojaat qilishini aytdi.

 "Sudga murojaat qilishimiz kerak. (XOQ prezidenti Tomas) Bax va uning to‘dasi aybim nima ekanligini aytsin. Aybim, mamlakatimni himoya qilayotganimmi?" – deya Lukashenkodan iqtibos keltirmoqda BelTA agentligi.

 Belarus prezidenti Olimpiada tadbirlarida qatnashishni rejalashtirmagani, ammo XOQ qaroridan norozi ekanligini bildirdi.

"25 yildan beri bu tadbirlarda qatnashmayman, bundan keyin ham qatnashmayman. Ammo sizlar nima, barcha mamlakatlarni to‘plab qaror qabul qildingizmi?" – deb qo‘shib qo‘ydi u.

 Lukashenko o‘zi yuritayotgan siyosatni odilona deb atadi.

"Dunyoda adolat yo‘q. Agar odilona siyosat olib borsang – dushmanga aylanasan", - dedi Belarus prezidenti.

 Dushanba kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlariga tashkilotning barcha tadbirlarida qatnashish taqiqlanganini ma'lum qildi. Ushbu chora hozircha vaqtinchalik tusga ega bo‘lib, milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyatiga navbatdagi saylov bo‘lib o‘tadigan 2021 yil fevralgacha amal qiladi,

 XOQ qaroriga ko‘ra, MOQ prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning o‘g‘li, qo‘mita vitse-prezidenti Viktor Lukashenko hamda ijroiya qo‘mitasi a'zosi Dmitriy Baskov Olimpiada bilan bog‘liq tadbirlarda qatnasha olmaydi.

 Navbatdagi Olimpiada o‘yinlari 2021 yil yozda Tokioda bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar koronavirus pandemiyasi sababli bir yilga kechiktirilgan.

Top