19:54 / 09.12.2020
3148

BMT: 2020 yilda yashash joyini tark etishga majbur bo‘lganlar 80 milliondan oshdi

O‘t ochishni to‘xtatish va pandemiya fonida shafqat qilishga chaqiriqlarga qaramasdan, zo‘ravonlik va ta'qiblar davom etib, odamlar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi.

Abdullah Rashid/Reuters

«Afsuski, shundoq ham muammolar ko‘p 2020 yilda rekord adaddagi odamlar sargardonlikka mahkum etildi», deyiladi BMT bayonotida.

2019 yil oxirlarida yetmish to‘qqiz yarim million odam yashash joyini tark etgan bo‘lib, ularning qariyb 30 millioni qochoqlar edi. 79,5 million – dunyo aholisining 1 foizdan ko‘prog‘i demak.

BMTning qochoqlar bo‘yicha agentligi (UNHCR) dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda ko‘proq odamlar uy-joylarini tashlab ketishga majbur qilingani va raqamlar 80 millionga yetganini e'lon qildi.

«Biz yana bir xira raqamni xatlab o‘tyapmiz. Bu raqam dunyo yetakchilari urushlarni to‘xtatmaguncha o‘sishda davom etadi», deya izoh bergan qochoqlar bo‘yicha agentlik rahbari Filippo Grandi.

Mart oyida BMT rahbari Antonio Guterresh jahon ahli pandemiya bilan kurashayotgan bir paytda barcha urush nuqtalarida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgandi. O‘shandan beri koronavirus tufayli bir yarim million inson olamdan ko‘z yumdi.

UNHCR tomonidan ma'lum qilinishicha, ayrim guruhlar bu chaqiriqqa amal qildi. Lekin shunga qaramay, 2020 yilda Suriya, Kongo demokratik respublikasi, Mozambik, Somali va Yamanda qochoqlarning yangi oqimi o‘z mamlakatlarini tark etgan.

Afrikaning Sahel hududida ham zo‘ravonlik, zo‘rlash va qotilliklar tufayli odamlar yashash joylarini tark etishgan.

«So‘nggi o‘n yillikda majburiy ko‘chishlar ikki barobarga ortganini hisobga olsak, xalqaro hamjamiyat tinchlikni saqlash vazifasini bajara olmayapti», deydi Grandi.

UNHCR’ning qayd etishicha, to‘qnashuvlarni tinchitishdan ko‘ra koronavirus insoniyat hayotining barcha jabhalarini xarob etdi va yurtni tashlab chiqib ketmaslikka bo‘lgan chaqiriqlar befoyda bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar, qochoqlarni xavfsiz yerlarga yetib olishiga qo‘shimcha to‘siqqa aylandi.

Aprelda ro‘y bergan birinchi to‘lqinda 168 mamlakat chegaralari qisman yoki to‘liq yopildi va ularning 90tasi qochoqlarni o‘z hududiga kiritmadi.

Shunda ham 111 mamlakat qochoqlar uchun «pragmatik yechimlar» topib, boshpana so‘rash jarayonining to‘xtab qolmasligini ta'minlashdi.

Shunga qaramay, boshpana so‘rashga bo‘lgan murojaatlar 2020 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uchdan birga qisqardi.

Top