19:44 / 09.12.2020
3393
Twitter’da yilning eng ommaviy xabari ma'lum qilindi 

Twitter foydalanuvchilari 2020 yilda amerikalik aktyor Chedvik Bouzmanning akkauntida aktyorning vafot etgani haqida e'lon qilingan xabar bilan eng ko‘p bo‘lishishgan. 

Hollivudning “Qora pantera” filmida bosh rolni ijro etgan aktyor avgustda yo‘g‘on ichak saratonidan 43 yoshida vafot etgandi. Uning vafot etgani ma'lum qilingan tvit e'lon qilinganining ertasi kuniyoq 5,7 mlndan ko‘proq layk to‘plab, ijtimoiy tarmoq tarixidagi eng ommaviy tvitga aylangandi.  

9 dekabr holatiga ko‘ra, ushbu tvit 3,1 mlnta retvit va 7,5 mlnta layk to‘plagan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoq joriy yilda foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p muhokama qilingan odamlar ro‘yxatini tuzdi. Unda 1-o‘rinni AQSh prezidenti Donald Tramp egallagan. 2-o‘rinni OAV tomonidan AQShdagi 2020 yilgi prezident saylovlari g‘olibi deb atalayotgan siyosatchi Jo Bayden, 3-o‘rinni esa politsiya tomonidan hibsga olinish vaqtida halok bo‘lgan afroamerikalik Jorj Floyd egallagan.  

Twitter’da yilning eng ommaviy xeshtegi #COVID19 bo‘lgan. Bu borada 2-o‘rinni Jorj Floyd o‘limidan keyin ommalashgan #BlackLivesMatter (Qora tanlilar hayoti muhim) xeshtegi egallagan.

Top