20:15 / 10.12.2020
7864

«Agar taklif va ehtiyoj bo‘lsa, Qur'on musobaqalari yana o‘tkazilishi mumkin» - Muzaffar Komilov

«Taklifga qarab biz tayyormiz, marhamat. Agar shunga ehtiyoj bo‘lsa, o‘tkaziladi», – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari. Uning ta'kidlashicha, Qur'on va hadis musobaqalari to‘xtatib qo‘yilmagan va to‘xtatilmaydi ham.

Bugun, 10 dekabr kuni AOKAda O‘zbekistonning diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan chiqarilgani yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mas'ullarga 2018 yili prezident tashabbusi bilan respublika miqyosida Qur'on va hadis musobaqalari o‘tkazilgani, ammo shundan so‘ng bunday tadbirlar qayta tashkil etilmagani yuzasidan savol berildi.

Savolga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov javob berdi.

«Qur'on musobaqasini hech kim to‘xtatgani yo‘q. Tashkilotchilar Qur'on musobaqasini o‘tkazish to‘g‘risida taklif bilan chiqishsa, bu masala dasturlarga kiritiladi va u o‘rnatilgan tartibda o‘tkaziladi.

«Kimdir to‘xtatib qo‘yibdi», degan har xil gumonlarga o‘rin yo‘q, ehtiyojga ko‘ra bunday musobaqalar bo‘lgan, bo‘ladi. Hozir ham bu dasturga kiritilgan, diniy soha xodimlari o‘rtasida Qur'on musobaqalari va Hadis musobaqalarini  o‘tkazish bo‘yicha takliflarning hammasi qabul qilingan, [tartibi] ishlab chiqilmoqda», – dedi Komilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar O‘zbekiston musulmonlari idorasi taklif bilan chiqsa, aholi o‘rtasida Qur'on musobaqasi o‘tkazilishi mumkin.

«Taklifga qarab biz tayyormiz, marhamat. Agar shunga ehtiyoj bo‘lsa, o‘tkaziladi. [Qur'on musobaqalarini] to‘xtatganimiz yo‘q hech qachon. To‘xtamaydi. Kengroq qamrovda, kichikroq miqyosda bo‘lishi mumkin, lekin bu musobaqa o‘zining samarasini berib keladi.

[Bunday musobaqalar] soha mutaxassislari, professionallar o‘rtasida o‘tkazilishi maqsadga muvofiqroq, chunki biz bu yerdagi g‘oliblarimizni xalqaro musobaqalarga jo‘natamiz. U yerda ham har yili o‘nlab juda katta-katta o‘rinlarni olib kelishyapti», – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda birinchi marotaba keng miqyosda Qur'on musobaqasi o‘tkazilgan edi. G‘oliblar va ularning yaqinlariga imtiyozli asosda Umra ziyoratiga yo‘llanma berilgan, oliy o‘rin sohibi – qoraqalpog‘istonlik yosh qori Yo‘ldoshbek Nuriddinovga prezident sovg‘asi sifatida Gentra avtomobili topshirilgandi.

Musobaqadan so‘ng ko‘p o‘tmay «Hadisi sharif bilimdoni» respublika tanlovi ham bo‘lib o‘tgandi. Ushbu tadbirlar yangi hukumatning diniy sohaga munosabati avvalgisidan farq qilishini tasdiqlovchi omillardan biri sifatida ko‘rilgandi.

Top