09:26 / 10.12.2020
2889
Belarus fuqarolariga koronavirus sababli mamlakatni tark etish taqiqlandi
Foto: RIA Novosti

Belarus 20 dekabrdan o‘z fuqarolarining quruqlikdagi chegara o‘tkazish punktlari orqali respublikadan chiqishini to‘xtatadi. Ushbu qaror koronavirus pandemiyasi ortida qabul qilindi.  

Tegishli hujjatga ko‘ra, avtomobil yo‘llaridagi, soddalashtirilgan, temir yo‘l vokzallaridagi va daryo portlaridagi o‘tkazish punktlari orqali Belarusdan chiqish yopiladi. Ushbu taqiqlov diplomatik va xizmat pasportlariga ega shaxslar, rasmiy delegatsiyalar a'zolari, xalqaro avtomobil tashuvlari haydovchilari, havo va dengiz kemalari ekipajlari, poyezd brigadalari, xizmat safarini amalga oshiruvchilarga taalluqli bo‘lmaydi.  

Bundan tashqari, ushbu taqiqlov ostiga mamlakatni yaqin qarindoshi, turmush o‘rtog‘ining og‘ir kasalligi yoki vafoti yuzasidan tark etmoqchi bo‘lganlar, tibbiy yordamga muhtojlar, xorijiy davlatda vaqtincha yoki doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi hujjatga ega, xorijiy davlat hududida ishlovchi yoki ta'lim oluvchi shaxslar tushmaydi.  

Shu bilan birga, hujjat Belarusga xorijliklarning kirishi tartibiga o‘zgartirish kiritadi. 20 dekabrdan xorijliklar Belarusga kirish uchun koronavirusga manfiy test topshirganlari haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari lozim. Bunday ma'lumotnoma bo‘lmaganda mamlakatga kirish rad etiladi.

Top