19:14 / 10.12.2020
8010
«Mehr» operatsiyalari doirasida erkaklar ham qaytarilishi mumkinmi? Diniy qo‘mita vakili izoh berdi

«Ochiq aytaman, agarda qo‘li qon bo‘lmasa, marhamat, ular vaqti-soati bilan albatta keladi. Lekin bu – vaqt talab etadigan masala», – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov

Turli oqimlar doirasiga tushib, Suriya va Iroqqa yo‘l olgan o‘zbekistonlik erkaklar ham vaqti-soati kelib «Mehr» operatsiyalari doirasida vatanga qaytarilishi ehtimoldan xoli emas.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov 10 dekabr kungi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban shunday deb ma'lum qildi.

«Janglarda qatnashgan, biroq tavba qilgan, qilgan ishlari xatoligini anglab yetgan, buning uchun jazosini olishga tayyor erkaklar yoki yigitlar ham keyinchalik qaytarilishi mumkinmi?», deya berilgan savolga qo‘mita rasmiysi quyidagicha javob qaytardi.

«Avvalo, xorijdan olib kelinayotgan har bir vatandoshimiz yoki vatandoshlarimiz farzandlarining O‘zbekistonga yetkazib kelinishi o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning orqasida juda katta mehnat turibdi, juda katta moliyaviy ishlar turibdi. Hech bir inson o‘z-o‘zidan kelib qolayotgani yo‘q.

Shuning uchun birinchi galda yordamga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan bolalar va ayollar olib kelinmoqda. Erkaklar masalasiga kelsak, bu borada o‘rganish kerak bo‘lgan ishlar bor.

Ochiq aytaman, agarda qo‘li qon bo‘lmasa, marhamat, ular vaqti-soati bilan albatta keladi. Siz aytganday, tavba qilib, qilmishidan pushaymon bo‘lib, kimdir uni adashtirib, kimdir ularni bugungi kunda musulmonning eng katta vazifasi jihod va shahidlik deya dinimizdagi muqaddas tushunchalarni boshqacha talqin qilgan holda noto‘g‘ri g‘oyalarga yo‘naltirgan bo‘lsa, kimningdir qotili bo‘lmagan bo‘lsa, albatta, vaqti-soati kelib ular ham qaytadi vatanimizga.

Lekin bu – vaqt talab etadigan masala», – dedi Muzaffar Komilov AQSh O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarganiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston rasmiylari 2019–2020 yillarda Suriya va Iroqdan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha uchta operatsiya o‘tkazib, bir necha yuz nafar ayollar va bolalarni olib keldi.

Top