14:56 / 10.12.2020
2086
O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shma korxonalar sonini oshirishni rejalashtirmoqda

Farg‘onada O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari hokimlari, vakolatli vakillari kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, uchrashuvda ko‘p qirrali sheriklik masalalari, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli choralar muhokama qilindi.

O‘zbekiston chegaraoldi viloyatlari rahbarlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashining 3-yig‘ilishida delegatsiyalar rahbarlaridan tashqari, O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, Qirg‘izistonning Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlaridagi hukumat vakolatli vakillari, shuningdek, ikki davlat vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda chegaraoldi hududlar o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar jalb etish, qo‘shma korxonalar tashkil etish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilda Farg‘ona viloyati va qo‘shni Qirg‘iziston o‘rtasida 127 million AQSh dollariga teng tovar aylanmasiga erishilgan. Bunda farg‘onaliklar 100 million dollar hajmida mahsulot eksport qilgan. Qirg‘izistondan viloyatga 27 million dollarga teng mahsulot import qilingan. Mazkur ko‘rsatkichlarni yanada oshirish maqsadida 14ta qo‘shma korxona soni kelgusi yilda yana beshtaga ortishi reja qilingan.

Uchrashuv davomida savdo-sotiqni kengaytirish, transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Qirg‘iziston tomoni ko‘mir, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, qurilish  xomashyosi taklifi bilan chiqqan bo‘lsa, O‘zbekistondan qishloq ho‘jaligi mahsulotlari, yengil sanoat va boshqa o‘nlab turdagi iste'mol tovarlari importi qirg‘izistonliklar uchun muhim ekanligini bildirdi.

Shuningdek, muloqotda madaniy–gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ziyorat turizmini rivojlantirish, turistik marshrutlarni shakllantirish  yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun «yo‘l xaritasi»ni imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top