15:22 / 10.12.2020
1886
O‘zbekistonda qisqa muddatli davrda iqtisodiy o‘sish o‘z potensial darajasidan past bo‘lishi kutilmoqda 

Joriy yil yanvar-oktyabr oylari yakunlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bir qator asosiy ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etdi. Bu haqda Markaziy bank sharhida aytilgan.

Foto: Pinterest

Ta'kidlanishicha, oktyabr oyi yakunlari bo‘yicha yillik sanoat ishlab chiqarish hajmining pasayishi 1,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa (yanvar-sentyabr oylaridagi pasayish 2,7 foiz), chakana savdo aylanmasining ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari 1,2 foiz darajasigacha tiklandi. Xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida bajarilgan ishlar hajmi o‘sishi mos ravishda 2,2 foiz va 9,1 foiz darajasida bo‘ldi.

«Tahlillarga ko‘ra, qisqa muddatli davrda iqtisodiy o‘sish o‘z potensial darajasidan past bo‘lishi kutilmoqda. Bu talab hamda taklifning bosqichma-bosqich tiklanib borishi, shuningdek, ayrim iqtisodiyot tarmoqlarining to‘liq tiklanishi uchun uzoqroq muddat talab etilishi bilan izohlanadi», - deyiladi MB ma'lumotida.

Qayd etilishicha, iqtisodiy faollikning operativ ko‘rsatkichlari bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasini namoyon etmoqda. Bank to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni joriy yil oktyabr oyida o‘tgan oyga nisbatan 7,3 foizga, noyabr oyida esa 1,1 foizga oshdi.

Savdo va pullik xizmatlar sohasida bank kassalariga pul tushumlari hajmi noyabr oyida oktyabrdagi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga kamayib, 14,3 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 11,8 foizga oshdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha YaIMning real o‘sishi 1 - 1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Top