15:57 / 10.12.2020
1620
YeTTB kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zbek tijorat banklariga qo‘shimcha pul ajratishi mumkin

Joriy yilning 9 dekabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) boshqaruvchi direktori F.Malij boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Uchrashuv davomida joriy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Kun tartibi doirasida tomonlar O‘zbekistonda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va islohotlarni muhokama qilib, YeTTBning ushbu yo‘nalishdagi hissasini qayd etdi.

Barqaror va samarali bank tizimisiz xususiy sektorni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida fikr bildirildi.

Ushbu yo‘nalishda YeTTBning pandemiya sharoitida savdo va loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha kredit liniyalarini ajratish orqali O‘zbekiston tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlashdagi muhim roli ta'kidlandi.

Davlatning bank tizimidagi ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish maqsadida O‘zbekiston bank sektorida islohotlarni izchil amalga oshirilishini ta'minlash va zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, operatsiyalar, xizmatlarni joriy etish maqsadida YeTTB bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari qayd etildi. Bu bilan bank tizimining samaradorligini oshirish, ushbu sohaga xususiy investorlarni jalb qilish imkoni yaratiladi. Shuningdek, mamlakatdagi bir qator tijorat banklarida davlat ulushini xususiylashtirishda YeTTBning ishtiroki bilan bog‘liq aniq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida hamkorlikni kengaytirishning bir qator istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, sug‘urta sohasida yangi sug‘urta vositalarini joriy etish va raqobatbardosh ekotizimni yaratish maqsadida sug‘urta kompaniyalarini xususiylashtirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni olib borish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kichik va o‘rta biznesga ko‘rsatilayotgan moliyaviy, texnik yordam hajmini oshirish uchun shart-sharoitlar o‘rganildi.

Muzokaralar davomida YeTTBning maxsus dasturlarini amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi sektori, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishni oshirish istiqbollari qayd etildi.

Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zbek tijorat banklariga qo‘shimcha kredit, YeTTB savdo liniyalarini taqdim etish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ustida birgalikda ishlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top