08:02 / 11.12.2020
8529
AQSh harbiylari Eron hujum qilishi ehtimoli sababli jangovar shaylik holatiga keltirildi - OAV
Foto: EPA

AQShning Yaqin Sharqdagi harbiylari Eron tomonidan hujum qilinishi mumkinligi sababli yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Bu haqda manbalarga tayanib Politico nashri xabar berdi

Ma'lumotlarga ko‘ra, Pentagon Tehron Vashingtonda hokimiyat almashishi va amerikalik harbiylarning Iroq va Afg‘onistondan olib chiqilishidan foydalanib, hujum uyushtirishi mumkin.
        
“Bu yerda gap hujumkor harakatlar haqida emas, balki raqibni to‘xtatadigan kuchli mudofaani namoyish qilish haqida bormoqda”, deb aytgan manbalardan biri. Uning ta'kidlashicha, Pentagon “Iroqdagi eronlik jangchilar tomonidan hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida signallar” olmoqda.  

Uch hafta avval Vashington Iroq va Afg‘onistondagi qo‘shinlarini kamaytirishga va'da bergandan keyin Yaqin Sharqqa B-52H Stratofortress strategik bombardimonchi samolyotlarini jo‘natishga qaror qilgan. Jumladan, mintaqaga 2ta shu turdagi samolyot jo‘natilgan. AQSh oxirgi marta ushbu bombardimonchilarni Yaqin Sharqqa yanvarda eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandan keyin jo‘natgan. Samolyotlarni jo‘natishdan maqsad Eronni “cho‘chitib qo‘yish” hisoblanadi. 

Shuningdek, AQSh qo‘mondonligi Fors ko‘rfazidan Nimitz aviatashuvchi kemasini olib chiqishni rejalashtirgandi, biroq endi vaziyat keskinlashishi mumkinligi sababli kema mintaqada ushlab turilishi mumkin. 

Noyabr oxirida eronlik yadrochi olim Muhsin Faxrizoda Tehron yaqinida o‘ldirilgandi. Ushbu qotillik shundoq ham notinch bo‘lgan Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

Top