09:30 / 11.12.2020
6375

«Chirchiq dehqon bozori»da nazoratchi va sotuvchi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Joriy yilning 9 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda videolavha tarqaldi. Unda “Chirchiq dehqon bozori”da nazoratchi va sotuvchi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro, nazoratchining katta yoshli onaxonga qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan.

Toshkent viloyati hokimligi tomonidan e'lon qilingan rasmiy munosabatda aytilishicha, Chirchiq shahridagi “Chirchiq dehqon bozori” hududining tashqi qismi va atrofidagi A.Navoiy shohko‘chasidan Yangi asr va P.Yusupov ko‘chalari bilan kesishuviga qadar, Yangi asr ko‘chasidan Markaziy bozor darvozasiga qadar epidemiologik, epizootik va ekologik xavfsizlikni ta'minlovchi veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga qat'iy zid ravishda savdo-sotiq uchun belgilanmagan joylarda odamlar savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. 

“Vaholanki, bozor hududida bo‘sh rastalar bo‘lishiga qaramasdan fuqarolar qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat hamda nooziq ovqat mahsulotlari bilan noqonuniy savdo faoliyatini olib borishgan. 

Shuningdek, chiqindilarning belgilanmagan joyga (ariq, zovur va yo‘laklarga) tashlab ketilishi oqibatida yoqimsiz hid chiqishi aholiga noqulayliklar tug‘dirayotganligi, bozor hududida qonuniy ravishda faoliyat yuritib kelayotgan savdogarlarning noroziliklariga, narx-navoning sun'iy ravishda o‘sib ketishi va kontrafakt mollarning kirib kelish holatlari bozor iqtisodiyoti infratuzilmasining rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan”, - deyiladi munosabatda. 

Qayd etilishicha, ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan joriy yil oktyabr oyi oxirida noqonuniy ravishda ishlayotgan sotuvchilar bilan suhbat o‘tkazib, profilaktika ishlarini olib borish maqsadida nazoratchi S.S. bozor ma'muriyatining ko‘rsatmasisiz, o‘z xohishi bilan noqonuniy faoliyat yuritayotgan sotuvchilar bilan bozor hududiga kirib, YaTT guvohnomasi asosida faoliyat yuritishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borgan va shu vaqtda sotuvchilar bilan ziddiyat chiqqan. 

Ziddiyat aks etgan video noma'lum shaxs (yo‘lovchi) tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga yuborilgan. Bozor ma'muriyati ushbu holatni internetda ko‘rib, sababini o‘rganib chiqqan. 

“Natijada nazoratchi Saipov Sobitjon Jahongir o‘g‘lining xatti-harakatlari salbiy baholanib, u o‘z mansabini suiiste'mol qilganligi, sotuvchi bilan qo‘pol munosabatda bo‘lganligi uchun buyruq asosida ishdan bo‘shatildi”, - deyiladi Toshkent viloyati hokimligi xabarida.

Top