00:34 / 11.12.2020
11766
Eshakni «Spark»da sudragan qonunbuzar jazolandi

Bir oy avval Toshkentda «Spark» haydovchisi o‘z mashinasida eshakni bog‘lab sudragani tasvirlangan video tarqalgandi.

Jonivorga vahshiylarcha munosabatda bo‘lgan qonunbuzar fuqaro o‘z mashinasiga bog‘langan eshakni uzoq masofaga sudrab ketgan. Bu holatni videoga olgan foydalanuvchi esa vaziyatni kulib kuzatgan. Video internetda tarqalgach, ko‘pchilik haydovchiga nisbatan salbiy fikr bildirdi.

3 noyabr kuni eshakni vahshiylarcha sudragan qonunbuzarning shaxsi aniqlangani xabar qilingandi. IIV YHXBB axborot xizmatining xabar berishicha, qonunbuzar fuqaro jazolangan va unga nisbatan BHMning (bazaviy hisoblash miqdori) 3 baravariga teng (669 ming so‘m) jarima belgilangan. Ya'ni, qonunbuzarga nisbatan faqat yo‘l qoidasini buzgani uchun ma'muriy jazo qo‘llangan. Jonivorga nisbatan vahshiylarcha munosabatda bo‘lgani uchun esa qonunbuzar jazosiz qolgan.

Oldinroq O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan vahshiylarcha munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkinligi aytilgandi. «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga ko‘ra, jinoyat kodeksiga hayvonlarga vahshiylarcha munosabatda bo‘lganlik uchun jazo qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Top