18:11 / 11.12.2020
28032

Guljahon Yo‘ldosheva ishi: Koronavirusdan vafot etgan bemor masalasida ko‘rsatmalar tinglandi

Sudning navbatdagi majlisida koronavirusdan vafot etgan bemor bo‘yicha sudlanuvchilar ko‘rsatma berishdi. Ular marhum Farrux Rustamovning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishida Yo‘ldoshevaning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi bo‘lmaganini aytishmoqda.

10 dekabr kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayonlari davom ettirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Jarayonda COVID-19dan davolanayotib vafot etgan bemorning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan sudlanuvchilar ko‘rsatma berishdi.

Sudda Yo‘ldosheva o‘z ko‘rsatmalarini rus tilida bayon qilmoqchi bo‘ldi. Lekin ish hujjatlari o‘zbek tilida bo‘lgani sababli sudda qatnashuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun Yo‘ldoshevaning ko‘rsatmasi keyingi sud majlisiga qoldirildi. Navbatdagi sud majlisida Yo‘ldosheva o‘z ko‘rsatmalarini tarjimon yordamida bayon qiladi.

Guljahon Yo‘ldosheva 

Shundan so‘ng sudlanuvchi – Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi infeksionist shifokori Sheyxnazar Ro‘zmetov va shu shifoxona reanimatologi Jahongir Ziyodullayev koronavirusga chalingan bemor o‘limi hamda unda Yo‘ldoshevaning ishtiroki bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berishdi.

Sheyxnazar Ro‘zmetov

Sheyxnazar Ro‘zmetov aybiga qisman iqrorligini aytib, bemorning dispanserga o‘tkazilishi to‘g‘risida ruxsat borligini yuqumli kasalliklar shifoxonasidan Jahongir Ziyodullayev va Akmal A'zamov, dispanserdan esa bosh shifokor o‘rinbosari Faxriddin Yorbozorovlar orqali bilganini ta'kidladi.

Shuningdek, Sheyxnazar Ro‘zmetov marhum Rustamovning kasallik tarixidan ko‘chirma yozib berganini, marhumni boshqa shifoxonaga o‘tkazilishida Yo‘ldoshevadan to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq olmaganini ham aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng karantin davrida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida reanimatolog bo‘lib ishlagan, marhum Rustamovga qaragan Jahongir Ziyodullayevning ko‘rsatmalari tinglandi.

Jahongir Ziyodullayev

Uning aytishicha, marhum Rustamovning ahvoli yomonlashgan, lekin shifoxonada doimiy ravishda psixiatr yetishmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, marhumning dispanserga o‘tkazilishi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari bosh shifokori bilan telefon orqali gaplashib olgan. Ammo u marhumning boshqa shifoxonaga ko‘chirilish vaqtida kasalxonada bo‘lmagani va bu jarayonda qatnashmaganini ta'kidladi.

Sud ishi 14 dekabr kuni soat 11:00ga qadar tanaffus e'lon qildi.

Navbatdagi sud majlisida Guljahon Yo‘ldoshevaning koronavirusga chalingan bemor (marhum) Rustamovning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishiga doir vaziyat bo‘yicha ko‘rsatmalari tinglanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top