12:29 / 11.12.2020
3451
Hazorasp tumani hokimligi maqolaga munosabat bildirdi. Ammo asosiy savol javobsiz qolgan

Tuman hokimligi maqolada ko‘tarilgan asosiy masala - sobiq hokim Ravshan Jabbarov tomonidan imzolangan, bir xil sana va raqamga ega, ammo mazmunan turlicha bo‘lgan qarorlar qayerdan keldi, degan savolni javobsiz qoldirmoqda.

Hazorasp tumani hokimligi «Endi kimga shikoyat qilishim kerak?» — hazorasplik fermerning yeri qalbaki hujjat bilan qaytarib olingan bo‘lishi mumkin» maqolasiga munosabat bildirdi. Ammo asosiy savolni javobsiz qoldirdi.

Xorazm viloyati, Hazorasp tumani hokimligi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlarining sud qaroriga ko‘ra, davlat zaxirasiga qaytarilgani, bunda hokimlik tomonidan sudga qalbaki hujjat taqdim qilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi maqolaga munosabat bildirdi.

«Hazorasp tumanidagi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining yer maydonlari 2020 yil 7 iyul kungi Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan, tuman zaxira yer fondi hisobiga qaytarilgan.

Fermer xo‘jaligi tomonidan Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, Xorazm viloyati iqtisodiy sudiga appellyatsiya shikoyati berilgan. Bunga asosan Xorazm viloyati iqtisodiy sudi 2020 yil 25 avgust kuni shikoyatni ko‘rib chiqib, Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

Undan keyin har ikkala sud hal qiluv qarorlaridan norozi bo‘lgan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi O‘zbekiston Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2020 yil 13 oktabr kuni «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining nazorat tartibidagi shikoyatini sudlov hay'atiga o‘tkazishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqargan.

Sudga taqdim qilingan barcha hujjatlarga har uchala sud bosqichi huquqiy baho berganligini ma'lum qilamiz», - deyiladi bayonotda.

Avvalo saytimizda e'lon qilingan maqolaga tezkor munosabat bildirgani uchun Hazorasp tumani hokimligiga minnatdorchilik izhor qilamiz. Bu Xorazm viloyatining boshqa tumanlari hokimliklariga ham o‘rnak bo‘lishiga umid qilamiz.

Munosabatda «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi ishi Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudi va Xorazm viloyati iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilgani, Oliy sud esa nazorat tartibidagi shikoyatni sudlov hay'atiga o‘tkazishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqargani keltirilgan. Ammo bu shundoq ham bizga va o‘quvchilarimizga ma'lum edi. Maqolamizda bu haqda ma'lumot berganmiz.

Biz Hazorasp tumani hokimligidan maqolaning «mag‘zini» tashkil qiluvchi asosiy savollarga javob kutgan edik.

Birinchidan, biz Hazorasp tumani hokimligi tomonidan sudga bir xil sana va raqamga ega, ammo 2 xil mazmundagi qaror taqdim qilinganini yozdik. Ulardan birining qalbaki bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin qildik. Chunki, bir xil sana va raqamga ega, ammo har xil mazmunga ega qaror chiqarilishi mumkin emas.

Ikkinchidan, Hazorasp tumani hokimligi «Sudga taqdim qilingan barcha hujjatlarga har uchala sud bosqichi huquqiy baho berganligini ma'lum qilamiz», deb bayonot bermoqda. Ammo bu haqda Hazorasp tumani hokimligi emas, balki sudlar, shu jumladan, Oliy sud ma'lumot berishi kerak. Sud qarorlari va ajrimida Hazorasp tumani hokimligining 2ta «shubhali» qarori haqida biror jumla yo‘q. Ya'ni aynan shu hujjatlarga biror sudda huquqiy baho berilmagan.

«Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi rahbarining sudlarda sarson bo‘lishi, nima uchun yerdan mahrum qilinishi haqidagi masalani bir chetga surib turaylik. Biz Hazorasp tumani hokimligiga beriladigan savollarimizni konkretlashtirishimiz mumkin, ular atigi 2ta.

Birinchi savol: hokimlik tomonidan bir xil sana va raqamga ega, ammo mazmunan turlicha bo‘lgan qarorlar qabul qilinishi mumkinmi?

Ikkinchi savol: sobiq hokim Ravshan Jabbarov tomonidan imzolangan, bir xil sana va raqamga ega, ammo mazmunan turlicha bo‘lgan qarorlar qayerdan keldi?

Umumlashtiradigan bo‘lsak, so‘nggi paytlarda davlat idoralari, tashkilotlari tomonidan matbuotda e'lon qilingan tanqidlarga munosabat bildirishda masalaning asl mohiyatidan chetga qochishga bo‘lgan urinishlar ko‘paydi. Ya'ni, «maqolaga munosabat bildirdikmi, bildirdik,  o‘z vazifamizni bajardik» qabilida rasmiyatchilik uchun ish tutilmoqda. Umid qilamizki, Hazorasp tumani hokimligi qo‘yilgan aniq savollarimizga aniq javob yo‘llaydi.

Nurmuhammad Said

Top