11:56 / 11.12.2020
20160
Ichki ishlar organlari tizimida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygan 11 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgan

Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Rustam Hotamov huzurida Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

IIV Kadrlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, yig‘ilishda ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi ishlarning ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.

Joriy yilning 11 oyi davomida korrupsion xarakterga ega salbiy holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun 23 nafar xodim ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgani, 11 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, 40 nafariga esa intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani qayd etib o‘tildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olishga mas'ul bo‘lgan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi, kelgusida korrupsion jinoyatlarga hamda boshqa salbiy illatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi, bu boradagi masalalarda rahbarlarning mas'ulligi va javobgarligi oshirildi.

Top