17:46 / 11.12.2020
7955
O‘z mahallasi yerini sotmoqchi bo‘lgan mahalla raisi 10 000 dollar bilan ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani «Obod» MFY raisi mahalla hududiga tegishli 8 sotix yerni 10 000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.

IIBB JQB tezkor xodimlari tomonidan fuqaro arizasiga asosan 2020 yil 27 noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Yangiyo‘l tumani «Obod» MFY raisi lavozimida ishlovchi, 1954 yilda tug‘ilgan E.M. ushbu MFY binosida ariza muallifi R.T.dan 8 sotix noqonuniy yer uchun (har bir sotix 1250 AQSh dollardan) talab qilgan jami 10 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. U fuqaroga 2004 yil hisobidan eski qaror tayyorlab berishni va'da qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro E.M. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top