18:34 / 11.12.2020
13065
Rossiya FXX bo‘limlaridan birida xudkush o‘zini o‘zi portlatdi

Portlash oqibatida olti kishi jarohatlangan. Ularning bir nafari oddiy fuqaro va besh nafari FXX xodimi ekanligi aytilmoqda.

Foto: TASS

Qorachoy-Cherkes Respublikasining Uchkeken qishlog‘idagi Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FXX) Malokarachevskiy rayoni bo‘limi binosi yonida noma'lum shaxs o‘zini o‘zi portlatdi. Bu haqda «112» Telegram-kanali xabar qildi.

Qayd etilishicha, ertalab soat 7 yarimlarda FXXning Malokarachevskiy rayoni bo‘yicha bo‘limi binosi yaqinida qo‘lbola portlovchi qurilma portlagan. Portlash oqibatida hech kimga zarar yetmagan.

Oradan besh soatcha o‘tgach, voqea joyiga avtomobil kelib to‘xtagan. Undan tushgan shaxs bo‘lim tomon yugurgan va o‘zini portlatib yuborgan.

«112» Telegram-kanalining ma'lumot berishicha, portlash oqibatida olti kishi jarohatlangan. Ularning bir nafari oddiy fuqaro va besh nafari FXX xodimi ekanligi aytilmoqda.

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra esa, jarohatlanganlar orasida nafaqat FXX, balki politsiya xodimlari, jumladan IIVning Qorachoy-Cherkes Respublikasi bo‘yicha ekspert-kriminalistika markazi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Asker Abdurazakov ham bor.

Top