15:12 / 11.12.2020
8038

«Suyultirilgan gaz real ehtiyojga nisbatan ancha kam yetkazilmoqda» – senator

Bir oila uchun bir oylik suyultirilgan gaz limiti 20 kg deb belgilangan, ammo amalda 11,7 kg gaz to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: KUN.UZ

Suyultirilgan gazning ehtiyojga nisbatan kam ishlab chiqarilishi uni yetkazib berishda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqida Senat kengashining aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash holatini o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilishida so‘z bordi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bir oila uchun bir oyga mo‘ljallangan gaz limiti 20 kg.ni tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan, ammo amalda oila boshiga 11,7 kg gaz to‘g‘ri kelmoqda. 

“Suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar talaygina. Namangan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida suyultirilgan gazni yetkazib berish 50-60, ayrim holatlarda 90 kungacha cho‘zilishi aniqlandi.

Shuningdek, suyultirilgan gazni belgilangan miqdordan ancha kam berish holatlari ham mavjud. Gaz ballonning muzlab qolgan qismini tozalamasdan to‘ldirish oqibatida 20 kg emas, 10 kg gaz yetib boryapti. 10 kg gazni qanday qilib 45 kunga yetkazish mumkin?

Xonadonda istiqomat qiluvchilar soniga e'tibor qilmay, 2 kishi uchun ham 1ta, 10 kishi uchun ham 1ta gaz ballon berish holatlari bor.

Bunday muammolar aholini xususiy tarmoqlardan 2-3 baravar qimmat narxda yoki “Hududgazta'minot” omborlaridan yashirin ravishda belgilangan narxdan qimmatroqqa sotib olishga majbur qilyapti.

Suyultirilgan gazning real ehtiyojga nisbatan sezilarli darajada kam yetkazib berilishi holati so‘nggi yillarda o‘zgarmay qolyapti”, dedi yig‘ilishda so‘z olgan senator Qutbiddin Burhonov.

Bildirilishicha, 2020 yilda aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoji 837,8 ming tonnani tashkil qiladi. Biroq amaldagi ehtiyojga nisbatan 278,9 ming tonna kam gaz yetkazilishi kutilmoqda. Bunday holatlar 2018-2019 yillarda ham kuzatilgan.

Yig‘ilishda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirishdagi kamchiliklar oqibatida iste'mol va ta'minot o‘rtasidagi nomuvofiqliklar xususida ham so‘z bordi.

“Tabiiy gazni yetkazib berish hajmlari yil sayin oshib borayotgan bo‘lsa-da, aholining mavjud ehtiyojlari qoplanmasligi, prognozga nisbatan iste'molning yuqori bo‘lishi kuzatilmoqda.

2020 yilda iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilishi kutilayotgan tabiiy gaz hajmi 2019 yilga nisbatan 102,5 foizga, aholiga yetkazib berish hajmi esa 2019 yilga nisbatan 113,1 foizga o‘sishi ko‘rsatilgan. Ammo shunga qaramay, ehtiyoj qoplanmayapti.

Viloyat hokimliklari tomonidan qilingan prognozlarning real ehtiyojlarga mos kelmasligi tabiiy gaz bilan ta'minlay olmaslikka olib kelyapti”, dedi Qutbiddin Burhonov.

Top