09:12 / 11.12.2020
2557
Time Lebron Jyeymsni “Yil sportchisi” deb e'lon qildi 
Foto: EPA-EFE

AQShning Time nashri basketbol yulduzi Lebron Jyeymsni “Yil sportchisi” deb topdi

Nashr tahririyati “Los-Anjyeles Leykers” o‘yinchisini AQShdagi irqiy tengsizlikka qarshi kurashdagi hamda saylovchilar faolligini oshirishga qaratilgan kampaniyalardagi ishtirokini qayd qilib o‘tgan. Nashrning ta'kidlashicha, AQShning ko‘plab sportchilari Lebron Jyeymsdan o‘rnak olib, ushbu faoliyatga qo‘shilgan. 

Jumladan, sportchi 3 noyabrda o‘tgan AQSh prezidenti saylovlari oldidan saylov uchastkalariga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarda yordamlashgan.    

Jyeyms oktyabrda Milliy basketbol assotsiatsiyasi pley-off bosqichi final seriyasining eng qimmatli o‘yinchisi deb topilgandi. U to‘rtinchi marta ushbu nomga sazovor bo‘lib, uni uchta turli jamoa bilan qo‘lga kiritgan tarixdagi birinchi basketbolchiga aylandi. Undan ko‘ra bu unvonga faqatgina Maykl Jordan ko‘proq sazovor bo‘lgan.

36 yoshli Lebron MBAning 4 karra chempioni hisoblanadi. Sportchi chempionlik unvoniga “Mayami xit” safida 2 marta, “Klivlend kavalers” va “Los-Anjyeles Leykers” safida esa bir martadan erishgan.   

Top