15:15 / 11.12.2020
17794
Yakkabog‘dagi qotillik bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi. «Uchastkovoy» va mahalla raislariga ham xizmat tekshiruvi tayinlangan
Foto: Qashqadaryo viloyati prokuraturasi

10 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanida dahshatli qotillik ro‘y bergani, tumandagi xonadonlardan birida to‘rt nafar odam o‘ldirib ketilgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Shundan so‘ng Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi rahbari mazkur qotillik haqida dastlabki ma'lumotlarni ochiqladi.

Bugun Qashqadaryo viloyati prokuraturasi Yakkabog‘da sodir etilgan qotillik haqida batafsil ma'lumot berdi. Unda qayd etilishicha, Qamashi tumani, «Qiziltepa» MFYda yashovchi A.Hazratqulov 9 dekabr soat 23:45larda Yakkabog‘ tumani, «Eski Yakkabog‘» MFYda yashovchi N.Shernayeva, M.Muhammadiyeva, R.Sherbekova va A.Sherbekovni qasddan o‘ldirgan.

2020 yil 10 dekabr kuni jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasida belgilangan tartib bo‘yicha A.Hazratqulov gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. Shundan so‘ng, unga nisbatan Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a,b,v,j» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, mazkur jinoyat sodir etilishiga va mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan Yakkabog‘ tuman IIB 19-sonli ichki ishlar bo‘linmasi profilaktika inspektori X.Xolmatov va Qamashi tumani IIB 7-sonli ichki ishlar bo‘linmasi profilaktika inspektori E.Tog‘ayevga nisbatan viloyat IIB tomonidan, Yakkabog‘ tumani, «Eski Yakkabog‘» MFY raisi M.Turdiyev hamda Qamashi tumani «Qiziltepa» MFY raisi E.Hayitovlarga nisbatan viloyat Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi tomonidan idoraviy xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Top