12:09 / 12.12.2020
31316
Bosh prokuratura Sirdaryoda buyurtma qotillikning oldi olinganini ma'lum qildi

2020 yil 7 dekabr kuni shaxsini sir saqlashni so‘ragan “X” ismli fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura.

U tanishi, tadbirkor J.Z. (1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) uni muqaddam bosqinchilik jinoyati uchun sudlanganligidan xabar topib, o‘ziga raqobatchi deb bilgan tadbirkor M.D.ni o‘ldirishga buyurtma qilib, evaziga 5000 AQSh dollari berishni va'da qilgani, taklifini rad qilgan taqdirda boshqa shaxslarni yollab bo‘lsa ham uni o‘ldirishini aytgani va oldindan 1000 AQSh dollari bermoqchi bo‘lganligini ma'lum qilib, uni jinoyat sodir qilishga undayotgan J.Z.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

2020 yil 10 dekabr kuni Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X” ismli shaxs Guliston shahrida joylashgan qabriston yaqinida tadbirkor M.D.ning qotillik alomatlari bilan yotgan, yuz va bosh qismi grim qilingan jasadi va uni vafot etgani sun'iy ravishda yaratilgan fotosuratini ko‘rsatgach, buyurtmachi tadbirkor J.Z. Mirzaobod tumani Bog‘iston mahallasi hududida unga 4000 AQSh dollarini bergan vaqtida ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan J.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi J.Z. protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top