11:25 / 12.12.2020
7388

«O‘zbektelekom» vakili: «Bugungi mijoz internetga ulanishni 6 oy yoki 1 yil kuta olmaydi»

AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida «O‘zbektelekom» AJ mas'ullari internet masalasida aholidan tushayotgan murojaatlar bo‘yicha fikr bildirdi.

«O‘zbektelekom» AJ bosh direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Zufarov so‘zlariga ko‘ra, mijoz murojaat qilganda qonun bilan belgilangan muddatda javob beriladi. 

«Birgina javob berish emas, balki 15 kun ichida shu masala hal bo‘ladimi, yo‘qmi shunisiga ham e'tibor qaratiladi. Avvalambor, mijozga bu masala yechilishi uchun qancha vaqt talab qilinishi haqida ham ma'lumot beramiz. Shuningdek, o‘zimizda ham tasdiqlangan rivojlantirish dasturimiz mavjud. Shunga qarab qaysi hududlar, mahallalar qaysi vaqtda bajarilishi belgilangan. Haqiqatdan ham bugungi kunda internetga talab ortib boryapti. Yetib borish qiyin bo‘lgan olis hududlar bor. Ularni ham hisobga olgan holda rejamizni bosqichma-bosqich amalga oshirib boryapmiz. 

Alisher Zufarov

Bugungi mijoz internetga ulanishni 6 oy yoki 1 yil kuta olmaydi. Buni ham tushunib turibmiz. Bunday murojaatlar juda ham ko‘p. Shuning uchun rejadagi ishlarni yana ham vaqtliroq bajarishga harakat qilyapmiz. Buning uchun qo‘shimcha ishchi kuchi va qurilmalar ham jalb qilinyapti. 

Mobil aloqa qamroviga keladigan bo‘lsak, bu yerda ikki narsani inobatga olish kerak. «O‘zbektelekom» kompaniyasi ham mobil aloqa, ham simli aloqa xizmatini ko‘rsatadi. Mobil aloqa xizmati uyda yoki xonada emas, harakatda bo‘lganda foydalanish uchun mo‘ljallangan. Shuning uchun abonentlarga yuqoriroq sifatli internetdan foydalanmoqchi bo‘lsa, simli internetdan foydalanishni tavsiya etgan bo‘lardik. Chunki mobil aloqa xizmati binoning qalinligi, joylashishi, relef kabi juda ko‘p faktorlarga bog‘liq bo‘ladi», - deydi «O‘zbektelekom» vakili.

Top