19:11 / 12.12.2020
8087
SSV: Niqobsiz yurish pandemiyaning yana avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin

Sog‘liqni saqlash vazirligi niqobsiz yurish pandemiya yana avj olishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib, barchadan koronavirus xavfining oldini olishda shaxsiy javobgarlik his qilishni so‘radi.

«Koronavirus pandemiyasi butun dunyo favqulodda vaziyatlarga tayyor turishi kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shuning uchun ham, iqtisodiy va tibbiy imkoniyatlaridan qat'i nazar barcha davlatlarga birdek ta'sir qilgan koronavirus pandemiyasidan har kim tegishli xulosasini chiqardi. 

Mamlakatimizda ham prezidentimiz va hukumatning qator farmon va qarorlari qabul qilinib, milliy tibbiyot tizimi birlamchi bo‘g‘inidan boshlab isloh etilmoqda. Bu islohotlar tez vaqtlarda o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasiz. Mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar ushbu infeksiyani jilovlashda ahamiyatli bo‘lmoqda.

Pandemiyaning yuqori cho‘qqisida yurtimizda ehtiyot chorasi sifatida jami 159ta muassasada 25200 shifo o‘rni, shu jumladan, 2500 reanimatsion o‘rin tashkil etildi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 58ta yirik bino-inshootlarni moslashtirish orqali yana 15 ming, shundan 1225 reanimatsiya o‘rinlari tashkil etildi.

Dunyoda infeksiya tarqalishi hanuz xavfli darajada turgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kasallik nisbatan jilovlandi, deya olamiz. So‘nggi oylar mobaynida yurtimizda infeksiya tarqalishining biroz barqarorlashishi sababli koronavirusga moslashtirilgan 159ta muassasadan 107tasi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha odatiy faoliyatini boshlab yubordi, 23tasi esa konservatsiya qilindi. 

Ammo bu «endi bizda koronavirus xavfi yo‘q», deyishga asos bo‘lmaydi. Ayni paytda yurtimizdagi COVID-19 shifoxonalarida kasallikning ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, gumon qilingan, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlardan tashqari 2 ming nafardan ortiq koronavirusdan davolanayotganlar borligini ham unutmasligimiz kerak.

Koronavirusga qarshi kurash tadbirlari katta moliyaviy ta'minot talab qilishi hech kimga sir emas. Xususan, pandemiya davrida tibbiyot muassasalariga 55 dona rentgen, 2 ming dona funksional krovat, 1 ming 450ta SIPAP, 3 ming 300ta kislorod konsentrator va boshqa jihozlar, shuningdek, budjet hisobidan zamonaviy IVL, kardiomonitor va PZR apparatlari o‘z vaqtida yetkazib berildi. 

Shuningdek, Zangiota tumanidagi 4000 o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus ikkita shifoxonaning, Yuqori Chirchiq tumanidagi 20 ming o‘rinli  koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan zamonaviy majmuaning qisqa fursatlarda qurib foydalanishga topshirilgani katta voqea bo‘ldi.

Davlat tomonidan berilayotgan bunday e'tiborga javoban, har bir fuqaro o‘z sog‘ligi uchun shaxsan javobgarlikni his qilishi, pandemiya tartib-qoidalariga rioya etishni kundalik odatga aylantirishi lozim. 

Ammo hozirda koronavirus xavfi chekingani vajidan ko‘chalarda niqobsiz, sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmay yurgan fuqarolar ko‘p uchramoqda.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiyaning mamlakatimizda yana avj olmasligi, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq ekanini eslatib o‘tadi. Shu sababdan ham barchangizdan koronavirus xavfining oldini olishda shaxsiy javobgarlik his qilishingizni, tibbiy niqoblardan sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda foydalanishni bir zum ham unutmasligingizni so‘rab qoladi», deyilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top