19:00 / 12.12.2020
4956
Samarqand davlat tibbiyot institutida sohaga ixtisoslashgan 27 ta institutning iqtidorli talabalari aniqlandi

11-12 dekabr  kunlari Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalarining «Samarqand – 2020» xalqaro onlayn olimpiadasi o‘tkazildi.

Hozirgi kunda iste'dodli talabalarni aniqlash, ularning ilmiy va amaliy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, innovatsion loyihalarga jalb etib, potensiallaridan foydalanishga katta ahamiyat berilmoqda.

Xalqaro talabalar onlayn olimpiadasida Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning tibbiyot oliygohlaridan jami 27 talabalar jamoasi, 2000 dan ziyod talaba qatnashdi.

Olimpiada ishtirokchi jamoalarning ijodiy qutlovidan boshlandi, keyin ijodiy chiqishlari va ishlarining taqdimoti o‘tkazildi. Xalqaro onlayn olimpiadaning asosiy ishi turli mamlakatlar tibbiyot oliy o‘quv yurtlari vakillaridan iborat bo‘lgan shu'balarda davom ettirildi.

Jamoalar tomonidan taqdim qilingan ijodiy ish va ma'ruzalar Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari hamda ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan hay'at a'zolari tomonidan baholab borildi.

Shu'balarda tibbiyot fundamental va klinik fanlari, jumladan, odam anatomiyasi, normal va patologik anatomiya, xirurgiya, bolalar xirurgiyasi, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi, yuz-jag‘ stomatologiyasi, otorinolaringologiya, akusherlik va ginekologiya, sud tibbiyoti, yuqumli kasalliklar, terapiya, kardiologiya, travmotologiya va ortopediya kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan innovatsion ishlanmalar taqdim qilindi. Ishlarni baholashda ularning nazariy-fundamental asoslari, taqdimoti, amaliy tibbiyot uchun ahamiyatiga katta e'tibor berildi.

Talabalar xalqaro onlayn olimpiadasi yakunida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Xalqaro onlayn olimpiadada oltita g‘olib hamda turli nominatsiyalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar taqdirlandi.

200 dan ortiq talabalarning ilmiy ishi va tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti tomonidan o‘tkazilgan tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalarining «Samarqand – 2020» xalqaro onlayn olimpiadasi respublikamizda tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlash sifatini yanada oshirish, amaliy sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishlariga fundamental ilm-u fan yangiliklarini joriy qilish, dunyoning yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan aloqalarni mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

SamDTI axborot xizmati.

Top