00:17 / 12.12.2020
39616

«Tashqi reklama xarajatlari ichki bozorga chiqarilgan mashinalar narxiga qo‘shib yuborilgan». «UzAuto Motors» ishini apellyatsiya sudida ko‘rish boshlandi

«UzAuto Motors» ishi yuzasidan qabul qilingan sud qarori ustidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi shikoyatini Toshkent shahar ma'muriy sudida ko‘rish boshlandi.

11 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi binosida Antimonopoliya qo‘mitasining Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi qabul qilgan hal qiluv qaroriga va unga asosan chiqarilgan xususiy ajrimiga nisbatan kiritgan shikoyatini apellyatsiya instansiyasida ko‘rish boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud mazkur masalani ko‘rib chiqishda tomonlarni tanib olish, ularga huquq va majburiyatini tushuntirish kabi protsessual harakatlar tartibiga rioya qilgan holda jurnalistlarga alohida ogohlantirish berdi. Unga ko‘ra, ochiq sud majlisida hozir bo‘lgan OAV vakillari tasvirga olgan video va audioning hech bir soniyasini uzmay efirga uzatish sharti bilan sudda audio-, video texnika vositalardan foydalanishi mumkin.

Sud tarixi

«UzAuto Motors» AJ sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Maxsus komissiyasining 2020 yil

19 avgustdagi 21/31-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.

Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan «UzAuto Motors» AJning shikoyat arizasi qanoatlantirilib, unga asosan xususiy ajrim chiqarilgan.

Apellyatsiya bosqichi qanday boshlandi?

Dastlab, apellyatsiya shikoyatini kiritgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili Sherzod Shodmonqulov ariza bo‘yicha vajlarini bildirdi.

«Qo‘mita quyidagilarga asosan mazkur hal qiluv qarorini va xususiy ajrimni asossiz va noqonuniy tarzda qabul qilingan deb hisoblaydi.

Sudya Davlatov o‘z hal qiluv qarorida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi tomonidan «UzAuto Motors» AJga o‘z e'tirozlarini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish uchun ishni ko‘rish kechiktirilgan bo‘lsa-da, arizachiga ushbu imkoniyatdan foydalanish, ma'muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish imkoniyatini bermasdan, 2020 yil 19 avgustda manfaatdor shaxsning ishtirokisiz ishni ko‘rib chiqib, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilinganligini qayd qilgan.

Ushbu holatda, sud tomonidan ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmagan va qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun va boshqa qonun hujjatlari qo‘llanilmagan va noto‘g‘ri talqin qilingan.

Birinchidan, sudya ushbu holatda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi holatlarni to‘liq aniqlamagan va mavjud dalillarga baho bermagan:

  • Qo‘mitaning 2020 yil 5 iyundagi xati bilan jamiyatda tekshirish o‘tkazilishi haqida ogohlantirilib, tekshirish jarayonida zarur material va hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan;
  • tekshirish jarayonida Qo‘mita mutaxassislari tomonidan 2020 yil 8, 12, 16, 17, 19 va 24 iyundagi jamiyat rahbari Rajabov nomiga yozilgan bildirishnomalar bilan tekshirish jarayonida zarur material va hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan;
  • Qo‘mitaning 2020 yil 27 iyuldagi xati bilan jamiyatga nisbatan tekshirish natijalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganligi va tekshirish dalolatnomasida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha mavjud e'tirozlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan;
  • Qo‘mitaning 2020 yil 3 avgustdagi xati bilan jamiyatga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish keyinga kechiktirilganligi va tekshirish dalolatnomasida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha mavjud e'tirozlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan;
  • Qo‘mita maxsus komissiyasining 2020 yil 7 avgustdagi ajrimida jamiyat vakillari ishga taalluqli bo‘lgan barcha hujjatlar bilan tanishib, e'tirozlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi belgilangan va ushbu xatlar, bildirishnomalar va ajrimlar belgilangan tartibda jamiyatga yetkazilgan.

Biroq, jamiyatga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandan, ya'ni joriy yilning 27 iyulidan to 19 avgustiga qadar bo‘lgan 24 kunlik vaqt davomida jamiyat tomonidan o‘z e'tirozlari bayon etilgan biror-bir ma'lumotlar va hujjatlar komissiyaga rasman taqdim etilmagan.

Ushbu holatlar, ya'ni komissiya tomonidan bir necha bor jamiyatga o‘z e'tirozlari bayon etilgan ma'lumotlar va hujjatlarni taqdim etish imkoni berilganligi sudga qo‘mita vakillari tomonidan ma'lum qilinsa ham, bu sudya tomonidan inobatga olinmagan. O‘z navbatida, komissiya tomonidan bir necha bor jamiyatga o‘z e'tirozlari bayon etilgan ma'lumotlar va hujjatlarni taqdim etish imkoni berilganligiga qaramasdan, jamiyat tomonidan nima sababdan 24 kunlik muddat davomida komissiyaga o‘z e'tirozlari bayon etilgan ma'lumotlar va hujjatlarni taqdim etmaganlik holatiga sudya tomonidan e'tibor berilmagan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonuni 49-moddasiga ko‘ra, agar ma'muriy organ majlisga kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoki ma'muriy ishni ko‘rib chiqishni manfaatdor shaxs qasddan cho‘zayapti deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lsa, ma'muriy organ ma'muriy ishni tegishli tarzda xabardor qilingan manfaatdor shaxsning yo‘qligida ko‘rib chiqishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 18-bandida ishni ko‘rib chiqish vakilning majlisda qatnasha olmasligi sababli ishni ko‘rib chiqish kechiktirilishi to‘g‘risida sub'yektning asoslangan iltimosnomasi munosabati bilan komissiya tomonidan kechiktirilishi mumkinligi belgilangan.

Komissiyaning 2020 yil 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida jamiyat vakillari A.Saxapov, R.Shaymardanov, O‘.Kurbanov, A.Mavlyanov, N.Otaxonova, B.Abduxalilov va O.Abdullayeva ishtirok etib, ish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, ish bo‘yicha asoslovchi hujjatlarni taqdim etish maqsadida ishni kechiktirishni so‘rashgan.

Jamiyat vakillarining ishni kechiktirish to‘g‘risidagi fikrlarini inobatga olib, komissiya tomonidan 2020 yil 3 avgustda ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish to‘g‘risida ajrim chiqarilib, jamiyat vakillari ishga taalluqli bo‘lgan barcha hujjatlar bilan tanishib, e'tirozlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi ta'kidlangan.

Shuningdek, komissiyaning 2020 yil 7 avgustdagi ajrimida jamiyat vakillari ishga taalluqli bo‘lgan barcha hujjatlar bilan tanishib, e'tirozlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi so‘ralgan. Biroq, jamiyat vakillari tomonidan ish bo‘yicha o‘z e'tirozlarini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish maqsadida ishni kechiktirish so‘ralgan bo‘lsa-da, komissiya yakuniy qarori qabul qilinguniga qadar e'tirozlarni tasdiqlovchi biror-bir hujjat rasman taqdim etilmagan. Qolaversa, sud jarayonida ham jamiyat tomonidan komissiya qaroriga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan biror-bir ish uchun ahamiyatli bo‘lgan dalil taqdim etilmadi.

Shuningdek, komissiyaning 2020 yil 3 va 7 avgustdagi ajrimlarida jamiyat rahbari va uning vakillari uzrli sabablarsiz kelmasliklari yoki ishni ko‘rib chiqishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi asoslantirilgan iltimosnoma berilmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rilishi va tegishli qaror qabul qilinishi uchun asos bo‘lishi ta'kidlangan.

Jamiyat tomonidan 2020 yil 19 avgustdagi davlat rahbarining «O‘zavtosanoat» AJga tegishli obektlariga tashrifiga ishni ko‘rishda ishtirok etayotgan jamiyat vakillari jalb etilganligi sababli ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.

Komissiya tomonidan jamiyat vakillari dastlab ish bo‘yicha asoslovchi hujjatlarni taqdim etish maqsadida ishni kechiktirish so‘ralib, lekin komissiyaning 2020 yil 19 avgustdagi majlisiga qadar ish bo‘yicha o‘z e'tirozlarini asoslovchi hujjatlarni taqdim etmaganligi, tashrifga ishni ko‘rishda ishtirok etayotgan jamiyat vakillari jalb etilganligini asoslovchi hujjat va dalillar taqdim etilmaganligi, shuningdek, jamiyat rahbari va uning vakillari uzrli sabablarsiz kelmasliklari yoki ishni ko‘rib chiqishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi asoslantirilgan iltimosnoma berilmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rilishi va tegishli qaror qabul qilish uchun asos bo‘lishi haqida ogohlantirilganligini inobatga olib, mazkur majlisga jamiyat vakillarining kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topib, ishning ko‘rib chiqilishi jamiyat tomonidan qasddan cho‘zilayapti deb hisoblab, jamiyat vakillarining ishtirokisiz ish ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, komissiya tomonidan ishning ko‘rib chiqilishi jamiyat tomonidan qasddan cho‘zilayapti deb hisoblanishining asosiy sabablaridan yana biri, jamiyat tomonidan oldin berilgan ayrim ma'lumotlar ishni ko‘rib chiqish davomida asossiz o‘zgartirib berilishi hamda ma'lum bir ma'lumot yuzasidan turli vaqtda turlicha tushuntirishlar berilganligidir.

Masalan, tekshirish jarayonida narxlar yoyilmasidagi «reklama va boshqa xarajatlar» satri bo‘yicha faqat ichki va tashqi bozordagi reklama xarajatlari bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etilgan. Qo‘mita vakillari tomonidan tashqi reklama xarajatlari ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxiga olib borilishi noto‘g‘ri ekanligi tushuntirilgan.

Shundan so‘ng, jamiyat tomonidan qo‘mita vakillari «reklama va boshqa xarajatlar» satri bo‘yicha boshqa xarajatlar yoyilmasi o‘zgartirilib, tayyor mahsulotni tashish uchun zarur bo‘lgan texnikalar (avtomobil tashuvchilar)ning yoqilg‘i, ehtiyot qism va sug‘urta xarajatlari, haydovchilarning ish haqi xarajatlari, «treyd-in» xizmati hamda bino va inshootlarni ijara xarajatlaridan iborat ekanligi to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etilgan.

Biroq, qo‘mita vakillari tomonidan tayyor mahsulotni tashish uchun zarur bo‘lgan texnikalar (avtomobil tashuvchilar)ning yoqilg‘i, ehtiyot qism va sug‘urta xarajatlari, haydovchilarning ish haqi xarajatlari narxlar yoyilmasidagi  «Tayyor mahsulotni tashish xizmatlari» satriga kiritilganligi sababli, ushbu xarajatlar asossiz takroran kiritilganligi tushuntirilgan hamda asossiz xarajat sifatida inobatga olingan. Shu bilan birga, uchinchi marotaba jamiyat vakillari sudga taqdim etgan hujjatlarida narxlar yoyilmasidagi «reklama va boshqa xarajatlar» satri bo‘yicha faqat reklama, «treyd-in» xizmati hamda bino va inshootlar ijara xarajatlaridan tashkil topganligi to‘g‘risida ma'lumot kiritildi hamda qo‘mita vakillari tomonidan jamiyat sudga bila turib noto‘g‘ri ma'lumot kiritayotganligi isbotlab berildi.

Ta'kidlash joizki, ishni ko‘rib chiqish jarayonida raqamlar bilan bog‘liq hisob-kitoblar ko‘pligini inobatga olib, taraflarning mutaxassislari o‘zaro kelishuvi mavjud bo‘lmagan masalalarni ishchi tartibda birgalikda yana bir bor ko‘rib chiqishi va muhokama qilishi qo‘mita tomonidan ham jamiyat tomonidan ham ma'qullangan. Shu asosda ishchi tartibda ikki tomon mutaxassislari bir necha (o‘n martadan ortiq) muhokamalar o‘tkazgan, zarur bo‘lgan hollarda tegishli tuzatishlar kiritilgan. Bu holat komissiyaning dastlabki va oxirgi majlis bayonlarida hisob-kitoblardagi farqlar bilan ham o‘z isbotini topadi.

Masalaning e'tiborli jihati, sudya tomonlar ishchi tartibda muhokamalar o‘tkazganligi va barcha bildirilgan asosli e'tirozlarning komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, inobatga olinganligi holati e'tiborga olinmasdan, jamiyatga o‘z fikrini bildirish imkoni berilmagan deb hisoblangan. Lekin, jamiyat komissiyaning barcha ajrimlari va xatlar orqali tegishli ma'lumotlarni berishi kerakligi to‘g‘risida ogohlantirganligi, shunday bo‘lsa-da jamiyat tomonidan rasman murojaat etilmaganligi va o‘z fikrini bildirish huquqidan foydalanishni lozim topmaganligiga huquqiy jihatdan to‘g‘ri baho berilmagan.

Shu o‘rinda aytish joizki, amaldagi qonunchilikda dalillar faqat komissiya yig‘ilishida taqdim etilishi lozimligi yoki komissiya faqat yig‘ilish jarayonida taqdim etilgan dalillarga asoslanishi lozimligi haqidagi norma mavjud emas.

Bundan tashqari, sud tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 15-bandiga asosan qonun hujjatlari buzilishi to‘g‘risidagi ish ariza tushgan yoki nazorat funksiyalari va o‘rganishlar amalga oshirilishi natijalariga ko‘ra ish qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab bir oy muddatda ko‘rib chiqilishi, istisno hollarda ko‘rsatilgan muddat uzaytirilishi, biroq bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkinligi qayd etilganligini keltirgan. Aytish joizki, muddatni uzaytirish masalasi bu komissiyaning huquqi bo‘lib, majburiyati hisoblanmaydi. Biroq, sudya yuqoridagi yozma dalillar va mavjud holatlarga baho bermasdan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq aniqlamasdan va qo‘llanilishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonunining 49-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandini qo‘llamasdan, ushbu Nizomning 15-bandini noto‘g‘ri talqin qilib, jamiyatga o‘z e'tirozlarini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish va ma'muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish imkoniyati berilganligi,  jamiyat tomonidan komissiyada ishni ko‘rib chiqishda  bir-birini inkor etuvchi ma'lumotlar, asossiz vajlar va fikrlar keltirilganligiga va bu bilan ishni qasddan cho‘zishga bo‘lgan harakatlari mavjudligiga baho bermasdan asossiz va noqonuniy xulosaga kelib, hal qiluv qarorini noto‘g‘ri qabul qilgan», — dedi Shodmonqulov.

Sudga raislik qiluvchi ishni ko‘rib chiqish 18 dekabrda davom etishini bildirib, tanaffus e'lon qildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakilining barcha vajlari bilan sud zalidan tayyorlangan reportaj orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top