01:30 / 12.12.2020
80494
Ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan Buxoro shahri prokurori murojaat bilan chiqdi

Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov videomurojaat bilan chiqib, bevosita bosh prokurorga qarshi da'volarni ilgari surdi. Bosh prokuratura uning barcha iddaolari tekshirilishi, tekshiruvda jamoatchilik nazoratini ta'minlashga tayyorligini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilovning prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga yo‘llagan ochiq murojaati videosi tarqaldi.

Bir soatdan ortiq davom etgan videomurojaat avvalida, prokuror o‘z ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani va qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygani aniqlangudek bo‘lsa, javob berishga tayyorligini aytadi.

«Lekin hurmatli bosh prokurorimiz va uning uchta xodimi tomonidan qilinayotgan jinoyatlar haqida aytib bermoqchiman», – deydi Jasur Fozilov.

Prokuror o‘z so‘zida pullarni naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi firmaga nisbatan tergov olib borilayotgani, tadbirkor 10 mlrd so‘m soliqni yashirgani, ushbu tergov xolis o‘tkazilishiga yuqoridan bosim bo‘layotgani haqida gapiradi.

Shuningdek, u muqaddam Bosh prokuraturada ishlagani, da'vosi bosh prokurorga qarshi bo‘lgani uchun ham aynan Prezident Administratsiyasi rahbariga murojaat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan izoh berib, Fozilov bu chiqishida ilgari surgan da'volarga «to‘liq va haqqoniy baho berilishi»ni bildirdi.

Idora axborotiga ko‘ra, ayni paytda Bosh prokuratura Buxoro shahridagi tadbirkorning Fozilov ustidan bergan arizasini ko‘rib chiqmoqda.

Tadbirkor o‘z arizasida Buxoro shahrida qurgan yirik savdo majmuasidagi 1 metr kvadratining haqiqiy narxi 20 mln so‘m bo‘lgan savdo do‘konini shahar prokurorining tazyiqi bilan unga 5 mln so‘mdan sotganini, oradan bir yil o‘tib, ya'ni 2020 yil oktabr oyida shu narxdan yana bitta do‘konni sotishini talab qilganini, rad javobini bergani uchun J.Fozilov uni tergovga chaqirib, javobgar qilish bilan qo‘rqitayotganini bildirgan.

«Ushbu holat bo‘yicha J.Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta'minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta'sirlarning oldini olish maqsadida u 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan», – deyiladi Bosh prokuratura izohida.

Mahkama o‘z bayonotida prokuror aytib o‘tgan barcha masalalar bo‘yicha shaffof va oshkora o‘rganish o‘tkazilishini, bunda jamoatchilik nazoratini ta'minlashga tayyorligini ma'lum qilgan.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda prokuratura xodimining ochiq videomurojaat bilan chiqishi bunga qadar kuzatilmagan.

Top