09:44 / 13.12.2020
3044
2020 yilda karantin cheklovlari tufayli havo ifloslanishi kamaydi

2020 yildagi pandemiya sharoitida karantin tufayli dunyo miqyosida karbonat angidrid tarqalishi 7 foizga kamaygan.

Foto: AP Photo/Mark J. Terrill

Sohada yetakchi xalqaro olimlar guruhidan tashkil topgan obro‘li Global Carbon Project’ning aytishicha, 2020 yil yakunigacha atmosferaga 34 milliard tonna karbonat angidrid chiqariladi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 36,4 milliard tonnani tashkil qilgandi.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichning pasayishi odamlar uyda qolib, avtomobil va samolyotdan kamroq foydalanayotgani bilan bog‘liq va pandemiyadan keyin avvalgi ko‘rsatkichlarga qaytiladi. Yerusti transporti jami karbonat angidridning beshdan birini tashkil qiladi.

Olimlarning ayni guruhi bir necha oy muqaddam karbonat angidrid emissiyasi 4-7 foizga kamayishi mumkinligini taxmin qilishgandi.

«Koronavirusning ikkinchi to‘lqini va sayohatlarning keskin kamayishi ko‘rsatkichning 7 foiz bo‘lishini ta'minladi. Bu borada pasayish AQShda 12 foiz, Yevropada 11 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, Xitoyda bor-yo‘g‘i 1,7 foiz bo‘ldi. Buning sababi Xitoy izolyatsiyani ertaroq boshladi va ikkinchi to‘lqin bo‘lmadi. Undan tashqari, Xitoyning karbonat angidrid chiqitlari asosan sanoat korxonalaridan chiqadi, boshqa davlatlarga o‘xshab transportdan emas. 2020 yilda ko‘rsatkichlar pasayganiga qaramay, dunyoga har sekundda 1075 tonna karbonat angidrid chiqarilmoqda. 2019 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018-2019 yillarda karbonat gazi chiqishi atigi 0,1 foizga oshgan. O‘n yil avval bu ko‘rsatkich 3 foiz edi. Pandemiyadan so‘ng karbonat angidrid gazi chiqish ko‘rsatkichi yana ko‘tarilishi kutilayotgan esa-da, olimlar 2019 yilgi ko‘rsatkichlar cho‘qqining eng yuqorisi bo‘lganini taxmin qilishmoqda», deydi iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha olim Korin Leker.

Stenford universiteti olimi Kris Fild pandemiyadan so‘ng karbonat angidrid emissiyasi yana ko‘payishini taxmin qilgan. «Ammo biz kelajakda uni kamaytirishda yordam beradigan saboq oldik, deb umid qilaman», deb o‘z fikrini bayon qilgan u.

Top