18:31 / 13.12.2020
11102
Bozorlardagi narxlar: qimmatbaho mandarin, qimmatlashda davom etayotgan bodring va kartoshka

Kun.uz’ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi muxbirlari o‘z hududlaridagi markaziy dehqon bozorlaridagi 13 dekabr, yakshanba kungi narx-navolar haqida ma'lumot to‘plashdi.

Jami 18 turdagi oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarining o‘rtacha narxlari to‘plab, tartiblanib, o‘tgan haftadagi narxlarni solishtirish asnosida bozorlardagi aksariyat mahsulotlar narxida keskin o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti.

O‘simlik yog‘i narxi ayrim joylarda yana o‘tgan haftaga nisbatan biroz ko‘tarilgan. Pomidor va ayniqsa bodring narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Bodring narxida yanada o‘sish kuzatilgan. Gulistonda bodringning bir kilogrammi 25 ming, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi bozorlarida esa 23-24 ming so‘mdan sotilmoqda. Ko‘plab joylarda o‘tgan haftalarda kilosi bodringning oldi 20 ming so‘mdan oshgan.

Mandarinning kattasi kilogrammi 12-15 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, aksariyat joylarda kichik va danaksiz mandarin 45-55 ming so‘m oralig‘ida savdoga chiqarilgan.

Ayrim joylarda (Samarqand, Andijon) sut narxi ko‘tarilgan va litri 6000 so‘mga chiqqan.

Kartoshka narxida ham o‘sish kuzatilmoqda. Oldingi haftalarda eng qimmat kartoshkaning kilogrammi 4500 so‘m darajasida qayd etilgan bo‘lsa, ayrim joylarda uning kilogrammi 5000 so‘m, hattoki 5500 so‘mga yetgan.

Vodiy viloyatlarida karamning narxi 6000 so‘mgacha yetgani qayd etilgan. Eng arzon karam hozircha Denov va Gulistonda: kilogrammi 1000-1500 so‘m.

Go‘sht narxi hamon barqaror: joylarda mol go‘shti 55-65 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani, qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-70 ming so‘m ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Top