18:09 / 13.12.2020
4300

Britaniya hukumati do‘konlarni oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiralab qo‘yishga chaqirdi 

Britaniya hukumati mamlakatning Yevropa ittifoqidan savdo kelishuvi tuzmasdan chiqishi holatiga supermarketlarni oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiralab qo‘yishga chaqirdi.   

Foto: TASS/EPA

Britaniyalik vazirlarning fikricha, agar London va Bryussel savdo kelishuvini tuza olmasa, Britaniya aholisi orasida sarosima boshlanib, ular mahsulotlarni ko‘p miqdorda g‘amlashga tushib ketishlari mumkin. Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmon, tibbiy qurilmalar va vaksinalarni yetkazuvchi kompaniyalarga yaqin 6 haftaga zaxiralar shakllantirishni iltimos qilgan.

“Supermarketlar va vazirlar xaridorlar orasida sarosima yuz berishidan xavotirlanmoqdalar. Ular koronavirus avj ola boshlaganda qanday sarosima boshlanganining guvohi bo‘lishgan va barchasi tezda reja bo‘yicha ketmay qolishi mumkinligini bilishadi”, deb aytgan do‘konlardan birining vakili.  

13 dekabrda Britaniya va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar hozircha samarasiz o‘tayotgani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, muzokaralardagi vaziyat murakkab bo‘lib qolmoqda, biroq tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda. Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen muzokaralar natijalarini 13 dekabr kechki payt e'lon qilishlari kutilmoqda.

10 dekabrda Yevrokomissiya rahbari Bryussel va London hafta oxirigacha Brexit bo‘yicha kelishuvga erishishini ma'lum qilgandi. 

Shu bilan birga, Jonson Londonning Yevropa ittifoqidan savdo kelishuvi tuzmasdan chiqishi mumkinligini hamda aholi va ishlab chiqarish bunga tayyor turishi kerakligini aytgan.

London  va Bryussel Britaniya Yevropa ittifoqini batamom tark etadigan 2020 yil 31 dekabrdan keyin o‘zaro aloqa qilishi shartlari bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.

Britaniya Yevropa ittifoqini 2020 yil 31 yanvarda rasman tark etgan. Biroq u 2020 yil oxirigacha Yevropa bojxona ittifoqi va umumiy bozorida qolgan.

Top